Yangiliklar

img
Thu, 06/11/2026 - 15:36

Yoshlar bilan profilaktik uchrashuv o‘tkazildi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talaba-yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, ularni turli salbiy illatlardan asrash hamda jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan profilaktik uchrashuv tashkil etildi. Mazkur tadbirda Kriminologiya tadqiqot instituti markaz boshlig‘i Alisher Abdugapporov ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida yoshlar tarbiyasi, ularning huquqiy ongi va mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassis tomonidan giyohvandlik va narkomaniyaning inson salomatligi, oilaviy muhit hamda jamiyat taraqqiyotiga ko‘rsatadigan salbiy ta’siri haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, giyohvand moddalar iste’molining og‘ir oqibatlari, bu illatning yoshlar hayotini izdan chiqarishi, ularning ta’lim olishi va kelajakdagi faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi misollar orqali tushuntirildi.

Tadbirda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, yoshlarni turli yot g‘oyalar va zararli ta’sirlardan himoya qilish masalalari ham muhokama qilindi. Talabalarga qonunlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, jamiyatda o‘z o‘rnini topish uchun bilim olish va ma’naviy barkamollikka intilish zarurligi ta’kidlandi. Bundan tashqari, internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda axborot xavfsizligiga rioya qilish, firibgarlik va kiberjinoyatchilikning turli ko‘rinishlaridan ehtiyot bo‘lish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol ishtirok etdilar. Ular tomonidan giyohvandlikka qarshi kurashish, yoshlar orasida jinoyatchilikning oldini olish, huquqiy mas’uliyat va boshqa dolzarb mavzular yuzasidan berilgan savollarga mutaxassis tomonidan batafsil va asosli javoblar qaytarildi.

Tadbir yakunida bunday profilaktik uchrashuvlarning yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, huquqiy bilimlarni mustahkamlash hamda ularni turli salbiy holatlardan ogoh etishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Ishtirokchilar uchrashuvdan o‘zlari uchun foydali ma’lumotlar olganliklarini bildirib, bu kabi tadbirlarni muntazam ravishda tashkil etish zarurligini qayd etdilar.