Yangiliklar

img
Tue, 01/30/2024 - 21:24

Yosh olimlarning ilmiy mulohazalari tinglandi

2024-yil 30-yanvarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida an'anaviy tarzda o'tkazib kelinayotgan O'zbek filologiyasi fakulteti Kengashi qoshidagi xalqaro nazariy-metodologik seminarning navbatdagisi bo'lib o'tdi. Bu galgi seminarda f.f.d., professor Muhayyo Hakimova "O'zbek tilidagi kognitiv metaforalarda milliy tafakkurning aks etishi", f.f.doktori Shermuhammad Amonov "Tabibiyning "Tuhfatu-s-sulton" devoni genealogiyasi", f.f.doktori Ilyos Ismoilov "Alisher Navoiy hikoyatlari genezisini o'rganish masalalari" mavzularida ma'ruza qildilar. Ushbu ma'ruzalarda o'zbek tilidagi kognitiv metaforalar umumiy va individual kognitiv metaforalar; Tabibiyning devonlari, xususan, "Tuhfatu-s-sulton" devoni genealogiyasi, mavzu ko'lami, janrlari, muallifning davrdosh ijodkorlardan farqi; Alisher Navoiy hikoyatlari genezisini o'rganish masalalari, shuningdek, Iskandar obrazi va unga yondashuv tamoyillari haqida qiziqarli ma'lumotlar berildi. Mavzu yuzasidan ma'ruzachilarga f.f.d., professor Baxtiyor Abdushukurov, f.f.d., professor Uzoq Jo'raqulov, f.f.d., professor Iroda Azimovalar savollar berishdi va o'zlarining fikr-mulohazalarini bildirishdi. Seminarda fakultet professor-o'qituvchilari,  tayanch doktorantlar va mustaqil tadqiqotchilar qatnashdi. Qizg'in bahs-munozara tarzida o'tgan seminar yig'ilganlarda katta taassurot qoldirdi.