"Yosh filolog olimlar jamiyati"ning navbatdagi seminari bo'lib o'tdi
Joriy yilning 5-aprel kuni universitetimizda “Yosh filolog olimlar jamiyati” bilan hamkorlikda "Ilmiy maqola qanday yoziladi?" mavzusida seminar tashkil etildi.
Seminarda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor Zaynobiddin Abdurashidov, Ilmiy tadqiqotlar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash boʻlimi boshligʻi Nodirbek Joʻraqoʻziyev, “Yosh filolog olimlar jamiyati” raisi Dilnavoz Najimova hamda 1-kurs magistri Shokir Tursun ishtirok etdi.
Ma’ruzachilar talabalarga ilmiy maqolaning qismlari: sarlavha, annotatsiya (abstrakt), kalit soʻzlar, kirish, asosiy qism: a) adabiyotlar tahlili, b) tadqiqot usuli va yoʻsini, d) tadqiqot natijalari; xulosa, foydalanilgan manbalar (adabiyotlar) roʻyxati, olimlar fikriga havola berish tartibi, xususan, APA tartibi bo‘yicha ma’lumotlar berishdi. Seminar savol-javob asosida muloqot shaklida o‘tdi.
Mazkur ilmiy tadbirda maqola va unda ko’tarilgan muammoning yechimini izlashda metod yoki metodologik yondashuvdan foydalanish ko’nikmalari haqida ham so’z yuritildi. Ma’lumot uchun, maqola ― to’plam, jurnal, gazeta va shu kabilar uchun yozilgan yoki ularda bosilgan, hajmi unchalik katta bo’lmagan ilmiy yoki publisistik asar. Ilmiy maqola esa biror dolzarb ilmiy muammo bo’yicha mustaqil tadqiqot olib borib, o’z fikrlarini bayon qilish hisoblanadi.