“Yosh faylasuflar” to‘garagining navbatdagi mashg‘uloti o‘tkazildi
“Yosh faylasuflar” to‘garagida Sharq falsafasi muhokama qilindi
2026-yil 30-sentabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi qoshida faoliyat yuritayotgan “Yosh faylasuflar” to‘garagining 2026–2027-o‘quv yilidagi navbatdagi, 3-mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.
Mashg‘ulot C blok 411-xonada, soat 11:00 da tashkil etilib, unda 20 nafarga yaqin talaba ishtirok etdi.
Navbatdagi mashg‘ulot “Sharq falsafasining mohiyati va ijtimoiy taraqqiyotdagi roli” mavzusiga bag‘ishlandi.
Mashg‘ulotning asosiy maqsadi talabalarga Sharq falsafiy tafakkurining shakllanishi va rivojlanishi, uning inson, jamiyat, ma’naviyat va axloq haqidagi qarashlari to‘g‘risida kengroq tasavvur berish bilan bir qatorda, yoshlarning falsafiy mushohada yuritish va mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
Mashg‘ulot davomida “Sharq falsafasi bugungi inson uchun qanday ahamiyatga ega?”, “Qadimgi va o‘rta asr Sharq mutafakkirlarining g‘oyalari zamonaviy jamiyat taraqqiyotida qanday namoyon bo‘lishi mumkin?”, “Inson kamoloti va jamiyat taraqqiyoti o‘rtasida qanday bog‘liqlik mavjud?” kabi savollar atrofida fikr almashildi.
Ayniqsa, talabalarning mavzuga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida falsafiy qarashlar faqat nazariy ma’lumot sifatida emas, balki bugungi kundagi hayotiy va ijtimoiy jarayonlar bilan bog‘liq holda muhokama qilindi. Talabalar o‘z qarashlarini erkin ifodalab, savollar berdilar, turli fikrlarni qiyosladilar hamda muayyan masalalar yuzasidan mustaqil xulosalar chiqarishga harakat qildilar.
Suhbat va munozaralar jarayonida Sharq falsafasida alohida o‘rin tutuvchi ilm va ma’rifat, insonparvarlik, axloqiy kamolot, adolat, komillik va ezgulik kabi g‘oyalarning mazmun-mohiyatiga ham e’tibor qaratildi. Ushbu g‘oyalarning yosh avlod dunyoqarashini shakllantirishdagi o‘rni va zamonaviy ijtimoiy hayot bilan bog‘liqligi yuzasidan fikrlar bildirildi.
Mashg‘ulotning muhim jihatlaridan biri — talabalarni tayyor xulosalarni qabul qilishga emas, balki savol berishga, fikrlashga, bahslashishga va o‘z nuqtayi nazarini asoslashga undash bo‘ldi. Bu esa to‘garak mashg‘ulotlarining ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishi bilan bir qatorda, yoshlarning intellektual faolligini oshirishga ham xizmat qilmoqda.
“Yosh faylasuflar” to‘garagi doirasida bunday mashg‘ulotlarning muntazam tashkil etilishi talabalarning falsafiy tafakkurini rivojlantirish, tarixiy-falsafiy merosni chuqur o‘rganish, zamonaviy ijtimoiy jarayonlarga tanqidiy va mustaqil yondashish, ilmiy izlanishga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish uchun muhim imkoniyat yaratmoqda.
Kelgusida ham to‘garak mashg‘ulotlarida falsafaning turli yo‘nalishlari, Sharq va G‘arb falsafiy tafakkuri, milliy falsafiy meros hamda bugungi jamiyat oldida turgan dolzarb masalalar yuzasidan ochiq muloqot, munozara va interfaol mashg‘ulotlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
“Yosh faylasuflar” — savol berishdan qo‘rqmaydigan, fikrlashni va o‘z fikrini asoslashni o‘rganayotgan yoshlar maydoni.

