Yangiliklar

img
Wed, 11/09/2022 - 17:40

Yevropa Kengashi Delegatsiyasi ToshDO'TAUga tashrif buyurdi

2022-yil 8-noyabr kuni Yevropa Kengashi Inson huquqlari boʻyicha direksiyasining Innovatsiyalar va rivojlanish boʻlimi rahbari  Sergey Dikman, “Markaziy Osiyoda HELP” dasturi koordinatori Kristyna Xoxlova  va  Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi reestri katta yuristi Dmitriy Tretyakov Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga  tashrif buyurdi. Tashrifdan maqsad inson huquqlari va qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan Yevropa huquqiy hujjatlari va ularning Markaziy Osiyo mintaqasidagi ahamiyati haqida xabardorlikni oshirish edi. Universitet va yuridik mutaxassislar uchun inson huquqlari bo'yicha ta'lim  dasturi (HELP) o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalasi muhokama qilindi.

Delegatsiyani Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Nozliya Normurodova kutib oldi. U universitet tarixi, tuzilmasi va o‘quv dasturlari, shuningdek, universitetning xalqaro miqyosdagi faoliyati hamda talabalarning turli xalqaro dasturlarda ishtirok etish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, u ToshDO'TAU kichik universitet ekanligini taʼkidladi, ammo u Toshkent va mintaqadagi talabalar uchun eng sifatli taʼlimni taklif etayotganini alohida qayd etdi.

Bir kunlik tashrif davomida delegatsiya aʼzolari ToshDO'TAUning magistratura bosqichi talabalariga Yevropa Kengashi va Inson huquqlari boʻyicha Yevropa sudining  xalqaro inson huquqlari yo'nalishida faoliyatni shakllantirishdagi oʻrni haqida bir soatlik ma'ruza oʻqidilar. Samarali bahs-munozaradan so‘ng talabalar turli savollarga javob olishdi.