Yangiliklar

img
Mon, 12/25/2023 - 12:14

Yaqin hamkor universitetimiz tashkil topganiga 25 yil toʻldi

Hamkorlikni mustahkamlash yoʻlida
Shu yilning 22- dekabr sanasida Janubiy Qozogʻistonning Chimkent shahrida Jumabek Tashenev nomidagi koʻp tarmoqli universitetining 25 yillik yubiley tantanalari boʻlib oʻtdi. Unda talabalar tomonidan tayyorlangan “Qozoq milliy liboslari” koʻrgazmasi, milliy rangtasvir va qalamtasvir rasmlar koʻrgazmasi, universitetda Andijon davlat pedagogika instituti jamoasi tomonidan tayyorlangan “Oʻzbek milliy madaniyat va san’at markazi”ning tantanali ochilishi hamda Tashenev universiteti tashkil etilganligining 25 yillik sanasiga bagʻishlab “Fan va ta’lim istiqbolining  dolzarb masalalari” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbirlarda  Oʻzbekistondan Xoreografiya va milliy raqs Akademiyasi, Andijon davlat pedagogika instituti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetidan taklif etilgan mehmonlar qatnashdilar. Anjuman ishida universitetimizdan Islom Yoqubov, Hoshimjon Ahmedov va Tozagul Matyoqubovalar ishtirok etdilar. Universitetimiz nomidan soʻzga chiqqan professor Islom Yoqubov universitetlarimiz oʻrtasidagi ilmiy, amaliy-oʻquv tajribalarini ommalashtirish, oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish har ikki tomonning yuksalishiga xizmat qilishini aytib oʻtdi hamda Tashenev universitetining mazkur quvonchli bayram bilan qutlab, rektorimiz Sh. Sirojiddinovning shaxsiy tabrigi hamda sovgʻalarni tanatanli ravishda mazkur oliy oʻquv yurti rektori K. Baybolovga topshirdi. Kun davomida boʻlib oʻtgan tantanalar hamda bayram dasturxoni barchaga manzur boʻldi.