Yangiliklar

img
Wed, 12/11/2024 - 20:11

Yangi nashr: “O‘zbek tili sinonimlarining o‘quv lug‘ati”

“O‘zbek tili sinonimlarining o‘quv lugati”ning adadi oshirilgan yangi nashri taqdimoti Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bo‘lib o‘tdi. Ushbu lugat Respublika kutubxonalariga tarqatiladi. U tilshunoslik va ta’lim sohasida foydalanish uchun muhim resurs sanaladi.
Universitet o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori lug‘atning ta’limiy ahamiyati haqida fikr bildirib, uning o‘ziga xos ichki tuzilishi, lugat qamrovi va ilgari nashr qilingan (1974 va 2023-yillar) sinonimlar lugatlaridan farqli jihatlarini ta’kidladi. Ushbu yangi lugat, ayniqsa, o‘quv jarayonida qo‘llaniladigan samarali manba sifatida baholandi.
Tadbirda taniqli tilshunos olim Jo‘ra Xudoyberdiyevning “O‘zbek tilidan singarmonizmning chiqarilishi” monografiyasi ham qo‘shimcha adadda nashr etilib, ilmiy jamoatchilik e’tiboriga havola qilindi. Ustoz mazkur lug‘atni ilk o‘quv lug‘ati sifatida ta’riflab, semantik munosabatlarning boshqa turlariga oid lug‘atlarni ham yaratish zarurligini ta’kidladilar.

 

Universitet rahbariyati va O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi jamoasining ushbu loyiha bo‘yicha ko‘rsatgan sa’y-harakatlari alohida e’tirof etildi.

 

Shuningdek, “O‘zbek tili sinonimlarining o‘quv lug‘ati”ning mobil ilovasi ishlab chiqilgani e’lon qilindi. Ilova hozirda foydalanishga tayyor bo‘lib, uning funksional imkoniyatlarini yanada kengaytirish ustida ish olib borilmoqda.

Mobil ilova: https://play.google.com/store/apps/details?id=uz.merasoft.sinonim_test