Yangiliklar

img
Mon, 03/18/2024 - 18:01

Yangi nashr: O'zbek tili sinonimlarining o'quv lugʻati

18-mart kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida “Oʻzbek tili sinonimlarining oʻquv lugʻati”ning taqdimoti boʻlib oʻtdi. Ushbu kitob ToshDO'TAU professori Hamidulla Dadaboyev, dotsent Manzura Abjalova va SamDU dotsenti Umida Rashidova hammuallifligida nashr etilgan
Mazkur lug‘at o‘zbek tilidagi 2500ga yaqin sinonimik qatorlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, unda aralash turdagi (leksik, derivativ, juft, takror birliklar), frazeologik va grammatik (affiksal, morfem-leksik, sintaktik) ma’nodosh birliklarning izohi, turkumi, to‘liq, qisman sinonimligi, sinonimik qatorning tarixiy shakllari, uslubiy xoslanishi kabi ma’lumotlar berilgan. Lugʻatda, shuningdek, sinonimlar masalasida qilingan tadqiqot ishlarining bibliografiyasi ham koʻrsatilgan.
Tadbirni ToshDOʻTAU ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Odinaxon Jamoldinova ochib berdi. Lugʻatning tuzilishi, qamrovi va shu turdagi boshqa lugʻatlardan farqli jihatlari Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov, ToshDOʻTAU o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, f.f.d., professor Sulton Normamatov, Nukus davlat pedagogika instituti professori Gulmirza Qurbonniyozov, ToshDOʻTAU Oʻzbek filologiyasi fakulteti dekani Baxtiyor Abdishukurov, SamDU professori Suyun Karimov, ToshDOʻTAU professorlari Zulxumor Xolmanova va Nishonboy Husanov kabi olimlar tomonidan misollar yordamida dalillab, yoritib berildi. Umuman, lugʻat nafaqat ta’lim tizimining barcha bosqichlari uchun, balki tarjimonlar, tadqiqotchilar va oʻzbek tilini oʻrganuvchilar uchun ham juda qimmatli leksikografik manba ekanligi ta’kidlandi.