Yangi nashr: “Botmasin chiqqan quyosh”
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Tarixiy meros va taraqqiyot uyg‘unligi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda parlament a’zolari, olimlar, adabiyotshunoslar, yozuvchilar, ziyolilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbir davomida xalqimizning boy tarixiy-ma’naviy merosi, jadidchilik harakati, milliy uyg‘onish g‘oyalari hamda ularning bugungi taraqqiyot jarayonlaridagi o‘rni haqida atroflicha fikr almashildi.
Anjumanda tarixiy xotirani asrash, milliy qadriyatlarni targ‘ib etish va yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy g‘urur hamda ma’rifat ruhida tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. So‘zga chiqqanlar tarixiy merosni chuqur o‘rganish va uni zamonaviy taraqqiyot talablari bilan uyg‘un holda rivojlantirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidladilar.
Tadbir doirasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori Bahodir Karimning “Botmasin chiqqan quyosh” kitobi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Asarda jadidlar merosi, milliy uyg‘onish g‘oyalari va ma’rifatparvarlik an’analariga oid maqolalar jamlangan bo‘lib, kitob ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati bilan e’tibor qozongan. Taqdimot chog‘ida muallifning o‘zbek adabiyotshunosligi va jadidshunoslik rivojiga qo‘shayotgan hissasi alohida e’tirof etildi.
Tadbir ishtirokchilari tarixiy meros va zamonaviy taraqqiyot o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy va ma’naviy boyliklarni keng targ‘ib etish jamiyat taraqqiyoti uchun muhim omil ekanini qayd etdilar.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tarixiy xotirani mustahkamlash, milliy qadriyatlarni asrash va ilm-fan hamda adabiyot vositasida ma’rifatni yuksaltirishga xizmat qiladigan muhim muloqot maydoniga aylandi.

