Yangiliklar

img
Mon, 02/26/2024 - 00:53

Yangi nashr

Mashhur turk shoiri Mehmet Akif Ersoy qalamiga mansub “Safahot” asarining o‘zbek tilidagi nashri taqdimoti haftaning muhim voqeasi sifatida  dunyo hamjamiyatining e’tiborida bo‘ldi.  Asar iste’dodli shoir va mohir tarjimon, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Do‘stlik” ordeni sohibi – Miraziz A’zam tomonidan katta mahorat bilan o‘zbek tiliga o‘girildi. Mazkur nashr Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi hamda  Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) tashabbusi bilan amalga oshirildi.     
Taqdimotda ToshDO‘TAU professor-o‘qituvchilari ham ishtirok etdi. Filologiya fanlari nomzodi, dotsent Abdumurod Tilavov Mehmet Akif Ersoy ijodining turkiy xalqlar adabiyoti va tafakkur dunyosidagi o‘rni  haqida ma’lumot berdi hamda  “Safahot” asarining o‘zbek tilida nashri etilishi juda katta ahamiyatga egaligini ta’kidladi.  
“Safahot”da faqat turk xalqining hayotigina tasvirlangan emas.  Shoir insoniyatning o‘tmishi va buguniga ham nazar tashlaydı, turli davrlar va davlatlarni qiyoslaydi, tarix haqiqatlari hamda mavjud vaziyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarishga undaydi, bong uradi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni ulug‘laydi.  
Mazkur kitobga ToshDO‘TAU katta o‘qituvchisi Sabohat Bozorova muharrirlik qilgan. Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi,  Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) tomonidan tayyorlangan videorolikda hamda ma’ruzachilarning chiqishlarida muharrirning xizmatlari alohida e’tirof etildi. 
Mazkur nashr davlatlarimiz va ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi hamda yangi ilmiy tadqiqotlarga asos bo‘ladi. 
Kitob Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga, oliy o‘quv yurtlari Axborot resurs markazlariga hadya etildi. Mutolaa qilishni tavsiya etamiz.