
Yangi avlod ona tili va adabiyot darsliklari bilan ishlashning samarali usullari va yo‘llari
2025-yil 12-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tili va adabiyoti ta’limi kafedrasi professor-o‘qituvchilari – pedagogika fanlari doktori K. Mavlonova, pedagogika fanlari doktori S. Kambarova, pedagogika fanlari falsafa doktori S. Kuldasheva, S. Inomjonova, M. Yuldasheva va kafedra doktoranti, pedagogika fanlari falsafa doktori N. Yusufjonova – Namangan davlat pedagogika institutida o‘tkazilgan “Yangi avlod ona tili va adabiyot darsliklari bilan ishlashning samarali usullari va yo‘llari” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy seminarida ishtirok etishdi.
Seminarda K. Mavlonova “Ona tili ta’limida zamonaviy yondashuvlar”, S. Kambarova “Adabiy ta’limda zamonaviylik: tajriba va motivatsiya”, N. Yusufjonova esa “Zamonaviy ta’limda o‘qituvchining roli” mavzularida ma’ruzalar qilishdi.
Ma’ruzalarda ona tili va adabiyot ta’limini tashkil etishda zamonaviy usullar, badiiy matn bilan ishlashda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish masalalari keng yoritildi. Shuningdek, yangi avlod ona tili va adabiyot darsliklarini yaratish jarayonida zamonaviy yondashuvlarning o‘quvchilar ma’naviyatini yuksaltirish, badiiy-estetik tafakkurini rivojlantirish va hayotiy ko‘nikmalarini shakllantirishdagi ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Tadbir davomida umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilari bilan bo‘lib o‘tgan qizg‘in savol-javoblarda darsliklar bilan ishlash va ona tili hamda adabiyot darslarini samarali tashkil etish bo‘yicha zarur metodik tavsiyalar berildi.
Seminar so‘ngida kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan Namangan davlat pedagogika institutining axborot-resurs markaziga o‘quv adabiyotlari sovg‘a qilindi.