Yangiliklar

img
Sat, 01/17/2026 - 18:56

“Yaldo kechasi” – milliy tarixiy tafakkurni uyg‘otgan badiiy hodisa

2026-yil 17-yanvar kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida taniqli adib Xayriddin Sultonning “Yaldo kechasi” tarixiy romani taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir adabiy jamoatchilik, professor-o‘qituvchilar, yosh tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdi.

Taqdimot davomida “Yaldo kechasi” romani zamonaviy o‘zbek adabiyotidagi muhim badiiy-estetik hodisa sifatida baholanib, uning g‘oyaviy mazmuni, tarixiy asoslari va badiiy yechimlari atroflicha tahlil qilindi. Asarda Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanida boshlangan tarixiy-milliy tafakkur yo‘li mantiqiy va badiiy jihatdan davom ettirilgani, uch avlod taqdiri misolida chor va sho‘ro mustamlakachiligi davridagi millat fojeasi, ozodlik va ma’rifat uchun kurash jarayonlari chuqur ochib berilgani ta’kidlandi.

Filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov romanni milliy nasrimizdagi yirik epik asarlardan biri sifatida baholab, muallifning katta tarixiy mas’uliyatni zimmasiga olgan holda keng ko‘lamli arxiv materiallari, jadid matbuoti va tarixiy manbalarga tayanganini alohida qayd etdi. Ta’kidlanishicha, yozuvchi uch avlod obrazlari orqali xalq va Vatan boshidan kechirgan tarixiy sinovlarni badiiy mantiq asosida, tirik va ishonarli qahramonlar taqdiri orqali gavdalantira olgan.

Tadbir doirasida taniqli adib va adabiyotshunoslarning roman haqidagi baholari ham e’tirof etildi. Jumladan, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov “Yaldo kechasi”ni o‘zbek adabiyotida badiiy jasorat namunasi sifatida baholab, asar Abdulla Qodiriy uslubiga ijodiy yondashuv asosida yozilgani, adabiy mistifikatsiya orqali mutlaqo yangi badiiy hodisa yuzaga kelganini ta’kidladi. Adabiyotshunos Xondamir Qodiriy esa roman bugungi avlod uchun ma’naviy, tarixiy va axloqiy tarbiya berish salohiyatiga ega asar ekanini qayd etdi.

 

Taqdimotda yosh tadqiqotchilar va ijodkorlarning chiqishlarida romanning ma’rifatparvarlik g‘oyasi, milliy ongni uyg‘otishdagi o‘rni, til va uslub masalalaridagi yuksak badiiy mahorati alohida e’tirof etildi. Qahramonlar nutqining individualligi, tarixiy davr ruhiga mos til birliklaridan mohirona foydalanilishi, ramziy qatlamning boyligi asarning estetik ta’sir kuchini yanada oshirishi ta’kidlandi.

Tadbir yakunida universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov “Yaldo kechasi” romanining yoshlar ma’naviy dunyoqarashini shakllantirish, vatanparvarlik va tarixiy xotirani mustahkamlashdagi ahamiyatiga to‘xtalib, ushbu asar nafaqat adabiy, balki muhim ma’naviy-ma’rifiy manba ekanini ta’kidladi. Universitet ilmiy-pedagogik jamoasi tashabbusi bilan Xayriddin Sulton adabiyot va ma’rifat rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun “Alisher Navoiy” medali bilan taqdirlandi.

 

Mazkur adabiy uchrashuv milliy adabiyotimizning uzviy davomiyligini anglash, tarixiy tafakkurni badiiy idrok orqali teranlashtirish hamda ijodkor va yosh avlod o‘rtasidagi ma’naviy muloqotni mustahkamlashga xizmat qildi.