Yangiliklar

img
Thu, 06/01/2023 - 15:56

Xushxabar! Biz dunyo reytingida yanada yuqoriladik!

Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasining yetakchi oliy ta’lim muassasalari xalqaro ta’lim xizmatlari bozorida o‘zlarining raqobat mavqeyini mustahkamlashga harakat qilmoqdalar. Xalqaro reyting agentliklari tomonidan shakllantiriladigan yetakchi universitetlar ro‘yxati har bir reyting agentligining uslubiyoti asosida universitetlarning akademik, ilmiy, moddiy texnik va moliyaviy salohiyatining ayrim jihatlarini yoritib beradi. Ularning eng xususiyatli jihatlaridan biri yuqorida tilga olingan salohiyat elementlarini umumiy reyting ko‘rsatkichilaridagi vaznining har xil ekanligidadir. Dunyoning eng nufuzli reyting tashkilotlaridan biri hisoblangan Times Higher Education (THE) 2023-yil natijalarini e’lon qildi.
Reyting asosiy maqsadi Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan 2030-yilga qadar mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) amalga oshirishda oliy ta’lim muassasalarining (OTM) ta’sirini baholashdan iboratdir. THE University Impact Rankings umumiy reytingida ishtirok etish uchun universitet kamida to‘rtta BRMni amalga oshirishda ishtirok etishi kerak. O‘tgan yilda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ilk bor ushbu reytingga kiritildi va jahonning eng yaxshi 1000+ universitetlari qatoridan joy oldi. Ilk urinishdayoq bunday natija qayd etish universitet jamoasi uchun o‘z tanlagan yo‘li va missiyalaridan og‘ishmay harakat qilishi lozimligini anglatdi.
Universitetda barqaror rivojlanish maqsadlarining barcha yo‘nalishlarida samarali faoliyat yo‘lga qo‘yilganini 2023-yil natijalari ham ko‘rsatib turibdi. Bu yil natijalariga ko‘ra Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dunyoning eng yaxshi 600+ OTMlari qatoridan joy oldi. Ikkinchi yildagi ishtirokning o‘zidayoq qariyb 400 o‘ringa yuqorilash misli ko‘rilmagan ijobiy natijadir. Ayniqsa, gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlar ta’limiga qaratilayotgan e’tibor bo‘yicha dunyoning top 20 ta universitetlari qatoridan o‘rin egallaganimiz juda quvonarlidir. Bu eng avvalo, universitetda ta’lim va tarbiya jarayonining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani, jamoaning tizimli va samarali faoliyati natijasidir.
Bu yil universitetimiz mazkur reyting doirasida O‘zbekiston OTMlari orasida yetakchilik qilmoqda. Ushbu muvaffaqiyat bilan barcha professor-o‘qituvchilarni, xodimlarni, talabalarimizni qutlaymiz. Bu natija barchamizniki!