Yangiliklar

img
Tue, 12/05/2023 - 21:33

Xushxabar!

Dunyoga mashhur "UI GreenMetric"  jahon universitetlari reytingining 2023-yil natijalari e'lon qilindi.  Oʻtgan yilda universitetimiz ushbu reytingda birinchi marta ishtirok etib, 507-oʻrinni egallagan boʻlsa, bu yil 376-oʻrinni qayd etdi. Ushbu natija  universitetimizda amalga oshirilgan ishlarning strategik jihatdan puxta oʻylanganligi va biz mana shunday shijoat bilan ishlashda davom etishimizni anglatadi. 
Aytish oʻrinliki, ushbu reytingda sifatli ta'lim va infratuzilma, yashil energiyadan foydalanish, iqlim o'zgarishi, suv muammosi,  transport sohalari,  fan va tadqiqot yo‘nalishlarida universitetlar tomonidan olib borilayotgan ishlar sarhisob qilinadi.
Mazkur reyting 2010-yildan boshlab har yili jahondagi global ekologik muammolarning oldini olish va farovon hayot uchun hissa qo‘shayotgan universitetlarni baholaydi. Yana-da aniqroq aytadigan bo‘lsak, "UI GreenMetric World University Ranking"  2010-yilda Indoneziya Universiteti tomonidan boshlangan yashil kampus va ekologik barqarorlik reytingidir. "UI GreenMetric World University Rankings" 6 mezon boʻyicha 39 koʻrsatkich orqali universitetlarning ekologik majburiyatlari va tashabbuslarini sinchikovlik bilan aniqlaydi.
Joriy yilda bu reytingda O‘zbekistondan 41 ta OTM qatnashgan bo‘lib, ular orasida ToshDO‘TAU 5-pog‘onani qayd etdi.  
Universitetimiz jamoasi va talabalarini ushbu muvaffaqiyat bilan qutlaymiz!