Xurshid Do‘stmuhammad "Yosh munaqqid" mehmoni
2025-yil 10-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti “Jahon adabiyoti va qiyosiy adabiyotshunoslik” kafedrasi qoshidagi “Yosh munaqqid klub”ining navbatdagi mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. Unda taniqli adib, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, filologiya fanlari doktori, professor Xurshid Do‘stmuhammadning “Joys” roman-essesi taqdimoti tashkil etildi.
Tadbirni “Jahon adabiyoti va qiyosiy adabiyotshunoslik” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor U.Jo‘raqulov ochib berdi. Taqdimotda “O‘zbek adabiyoti va uni o‘qitish” kafedrasi dotsenti H.Ahmedov, kafedra professor-o‘qituvchilari — filologiya fanlari falsafa doktori (PhD), dotsentlar Komiljon Hamroyev, Yulduz Ziyayevalar, (PhD) katta o‘qituvchilar Olmos Xurramov, Azamat Xayrullayev, Nuriddin Ubaydullayev, shuningdek, “O‘zbekiston tarixi” va “Ma’rifat” telekanallari jurnalistlari hamda yosh ijodkor (PhD) Xolyor Safarov ishtirok etdi.
Taqdimot davomida professor U.Jo‘raqulov, dotsent H.Ahmedov, katta o‘qituvchi Olmos Xurramov, dotsent Komiljon Hamroyevlar Xurshid Do‘stmuhammad ijodi, uning “Joys” roman-essesining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari, poetik talqini xususida atroflicha fikr-mulohazalar bildirdilar. Talabalar adib ijodi bilan yaqindan tanishtirildi.

Uchrashuvda adib Xurshid Do‘stmuhammad so‘zga chiqib, ijod jarayoni, asarlarining yaratilish tarixi, xususan, “Joys” roman-essesining yozilish sabablari, obrazlar prototiplari haqida hayotiy va qiziqarli misollar asosida so‘z yuritdi, talabalar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob berdi.

Qizg‘in bahs-munozara ruhida o‘tgan mazkur adabiy uchrashuv ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi hamda yosh munaqqid va ijodkorlar uchun muhim ijodiy maktab vazifasini o‘tadi.

