Yangiliklar

img
Wed, 10/25/2023 - 14:21

Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish va ta’limda gender tenglikni ta’minlash

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Xotin-qizlar kengashi, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi, Yoshlar ittifoqi kengashi tomonidan 2023-yil 25-oktyabrda “Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning  oldini olish va ta’limda gender tenglikni ta’minlash” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjumani o'tkazildi. Anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Zoʻrlik ishlatilishdan jabr koʻrgan xotin-qizlarni reablitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish borasidagi ishlarni takomillashtirishga doir  qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 6-oktabrdagi 625-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xotin-qizlar oʻrtasida oʻz joniga qasd qilishning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi”ning 10-bandida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi. 
Konferensiya ishida Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yoshlar siyosati va ma'naviy-tarbiyaviy ishlar boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Dildora Solixo'jayeva,  jamoatchilik faollari, olimlar, doktorantlar, magistrlar va iqtidorli talabalar ishtirok etishdi.

Konferensiya ishtirokchilarini Botir Zokirov nomidagi milliy estrada orkestri jamoasi ham qutlab, o'z repertuarlaridan diltorlar taronalar  ijro etishdi. 

Zamonaviy ilmiy paradigma va XXI asr kompetensiyalari tizimida gender sensitivlik (gender sezgirlik) muhim o‘rin egallaydi. Gender tengligi barqaror rivojlanishning asoslaridan biridir. Xalqaro miqyosda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (Sustainable Development Goals ) gender tengligi, ayollar va qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, boshqa maqsadlar doirasida ijtimoiy tenglik masalalarini o‘z ichiga oladi. Mingyillik deklaratsiyasining 3-maqsadiga (Xotin-qizlar huquqlari va imkoniyatlarni kengaytirish) muvofiq, BMT a’zo davlatlarni hukumat va parlament darajasida gender problematikasini hisobga olish chegaralarini ishlab chiqishga chaqiradi. “2030-yilga qadar barqaror rivojlanish kun tartibi” da gender tenglikka erishish va gender jihatlarni hisobga olishga bo‘lgan ko‘rsatma tasdiqlanib, unda bir qator maqsadlar, shu jumladan gender tenglikni ta’minlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish muammolari qayd etiladi: “Gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish barcha maqsadlar va vazifalarni targ‘ib qilish va ularga erishish yo‘lida hal qiluvchi hissa qo‘shadi. Xotin-qizlar sifatli ta’lim olishi, iqtisodiy resurslar va siyosiy hayotda ishtirok etish imkoniyatlaridan teng foydalanishlari kerak, shuningdek, bandlik, yetakchi rolida bo‘lish va barcha darajalarda qaror qabul qilish nuqtai nazaridan erkaklar va o‘g‘il bolalar bilan teng imkoniyatlarga ega bo‘lishlari kerak. Xotin-qizlarga nisbatan kamsitish va zo‘ravonlikning, shu jumladan erkaklar va o‘g‘il bolalar ishtirokidagi, barcha turlari yo‘q qilinadi. Kun tartibini amalga oshirishda gender jihatlarni muntazam ravishda hisobga olish katta ahamiyatga egadir”. Xususan, mazkur sohada sotsiologik tadqiqotlarni amalga oshirish dolzarb vazifa hisoblanadi.