
Xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochildi
"Bir yigitga ta'lim bersak, bir insonni bilimli qilamiz, bir qizga ta'lim bersak, butun oilani bilimli qilamiz", degan edi mashhur hind yo‘lboshchisi Mahatma Gandi. Darhaqiqat, millat ertasini ayollar tarbiyalaydi, ziyoli va o‘qimishli onalar farzandlarining kelajagini ilm-fanda, ma'rifatda ko‘radi. Bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri aynan millat qizlarini ilmli qilishdir. Mamlakatimizda ham bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, xotin-qizlarni oliy ta'limga ko‘proq jalb etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida bir qancha ishlar amalga oshirildi. O‘tgan o‘quv yilida jamiyatda ayollar rolini oshirish, ehtiyojmand oilalar qizlari uchun «ijtimoiy lift» tamoyili asosida xotin-qizlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kengaytirish maqsadida alohida grant o‘rinlari ikki barobarga oshirilgan edi. Joriy yilda ham bu ezgu tashabbus davom ettirilmoqda. Kuni kecha mamlakatimiz Prezidentining "Oliy, oʼrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida xotin-qizlarning taʼlim olishlarini qoʼllab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar toʼgʼrisida" gi Qarori e'lon qilindi. Ushbu qarorda ta'lim tashkilotlarida o‘qishni istovchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga doir aniq vazifalar belgilab berilgan. Mazkur qarorga asosan 2022/2023-oʼquv yilidan boshlab respublikadagi barcha xususiy, xorijiy va davlat oliy, oʼrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida kunduzgi, sirtqi va kechki taʼlim shaklida xotin-qizlarning toʼlov-kontrakt asosida tahsil olishlari uchun imtiyozli ta'lim kreditlari ajratish ko‘zda tutilmoqda. Foiz stavkasi yuqori bo‘lmagan va asosiy qismi talaba o‘qishni tugatgandan so‘ng so‘ndiriladigan bu imtiyozli kreditlar o‘qish istagidagi millionlab qizlar uchun katta imkoniyatdir. Ya'ni ushbu kreditni talabaning rasmiy oʼqish muddati tugagandan soʼng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytarilishi belgilab qo‘yildi.
Har yili ko‘plab qiz-ayollar aynan to‘lov shaftnoma asosida o‘qishga qabul qilinadilar, ammo moddiy to‘siqlar tufayli o‘qishni davom ettira olmaydilar. Afsuski, qizlarni oliy va professional ta'limga jalb etish borasida oxirgi yillargacha yirik qadamlar tashlanmagani ham ayni haqiqat. Ammo so‘nggi yillarda aynan xotin qizlarni ta'limga jalb etish bo‘yicha yirik qadamlar tashlandi. 2020-yilda oliy ta'lim muassasalariga grantlar sonini ikki barobar oshirish, xususan, qizlar uchun alohida grantlar ajratish belgilandi. 2021−2022 o‘quv yilida OTMlarga qabul qilishning davlat buyurtmasiga oid prezident qarori loyihasiga ko‘ra tavsiyanomaga ega xotin-qizlar uchun 2000 nafar qo‘shimcha davlat granti ajratish ko‘zda tutildi. Yangi o‘quv yilidan boshlab esa magistraturada o‘qiyotgan qizlar kontrakt puli to‘liq budjetdan qoplab beriladi. Qolaversa, har bir viloyatda ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yo‘qotgan 150 nafar qizlar (jami 2,1 ming nafar) ta’lim kontrakti mahalliy budjetdan to‘lab beriladi. Bundan tashqari doktorantura yo‘nalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi.
Bu kabi imtiyoz va qulayliklar eng avvalo, millat onalarini o‘qimishli va ziyoli qilish, Vatan kelajagi haqida qayg‘urish, uchinchi renessans poydevorlarini mustahkamlash yo‘lidagi muhim omildir.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalarining katta qismini aynan xotin-qizlar tashkil etadi. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, sifatli ta'lim olishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish universitet jamoasining asosiy maqsadlaridan biridir. Umid qilamizki, yaqinlashib kelayotgan yangi o‘quv yilida ham yurtimizning ko‘plab yoshlari, aqlli va zukko qizlari, universitetimiz talabalari safiga qo‘shiladilar.