
Xorijlik tinglovchilar tashrifi nihoyalandi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti jahonning turli davlatlarida mavjud o‘zbek tili va adabiyotini o‘rgatish, o‘qitish borasida xorijiy hamkorlarini hamisha qo‘llab-quvvatlaydi. Xabar berganimizdek, joriy yilning 17-iyun kuni Qirg’iz Respublikasidan 32 nafar o’zbek tili va adabiyoti fani o’qituvchilari universitetimizda tashkil etilgan ilmiy seminarda ishtirok etish uchun tashrif buyurgan edi.
18-iyun kuni O'zbek filologiyasi professori Zulxumor Xolmanova va filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori Marhabo Umurzoqova, O'zbek tili va adabiyotini o'qitish fakulteti dotsentlari Klaraxon Mavlonova hamda Shohrux Abdiraimovlar mahorat darslarini o'tishdi. 2 kun davomida seminar ishtirokchilariga universitetimizning yetuk professor-o‘qituvchilari o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish sohasidagi zamonaviy tendensiyalar, metodik usullar, muammo va yechimlar haqida ma'ruza qilishdi.
Seminardan ko’zlangan maqsad o‘zbek tili va adabiyoti targ‘iboti orqali o‘zbek madaniyatini jahondagi yuksak maqomini tiklash bo’lib, bu borada universitetimiz rahbariyati va xodimlari tomonidan samarali ishlar amalga oshirildi.
Shuningdek, Qirg’iz Respublikasining o’zbek tili va adabiyoti fani o’qituvchilari tashkil etilgan samarali va foydali ilmiy seminar uchun universitetimiz rektori Sh.Sirojiddinovga hamda Xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektor N.Normurodovaga o’zlarining minnatdorchiligini bildirishdi. Hozirgi tezkor va shiddatli axborot asrida har bir o‘qituvchining oldida o‘quvchilarning fanga bo‘lgan ijobiy layoqatini rivojlantirish, interfaol usullardan, AKTdan unumli foydalanish, adabiy o‘qish orqali ularning dunyoqarashini kengaytirish va mafkuraviy xurujlarga bardoshli shaxslarni tarbiyalash vazifasi turadi. Treningda mazkur mavzu doirasidagi masalalar muammolari o’rganilib chiqildi. Seminar-treninglar yakunida barcha ishtirokchilarga sertifikat hamda kitoblar jamlanmasi topshirildi.
Aytish joizki, universitetimiz o'zbek tili va adabiyotini xalqaro miqyosda targ'ib etish, xorijdagi oliy o'quv yurtlari uchun o'zbek tili o'qituvchilarini tayyorlash yo’lida jonbozlik ko’rsatmoqda. Zero, ta'lim-tarbiya tizimining barcha bo‘g‘inlarida o‘zbek tili va adabiyoti fanini o‘qitishning hamda ushbu soha bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirish orqaligina ko’zlangan maqsadga erishish mumkin.