Yangiliklar

img
Wed, 05/17/2023 - 16:00

Xorijda o'qish imkoniyatlari haqida muloqot

Bugun oliy ta'lim muasasasida tahsil olayotgan har bir talaba xorijga chiqishni, turli almashinuv dasturlarida ishtirok etishni, g'olib bo'lishni yoki o'qishini davom ettirishni istaydi.  O'z navbatida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetining ham xorijlik hamkorlari soni kundan-kun ortib bormoqda. Bu esa har bir talaba uchun imkoniyat demakdir. Ammo xorijga o'qish va malaka oshirish uchun chiqishning ham alohida talablari, o'ziga xos talablari mavjud. Talabalarimizdan ayni mavzularda kelib tushayotgan ko'plab savollarga javob berish hamda universitetning xalqaro faoliyat bo'yicha istiqboldagi muhim rejalari bilan o'rtoqlashish maqsadida xalqaro hamkorlik bo'yicha prorektor Nozliya Normurodova  talabalar bilan muloqot o'tkazdi. Muloqot davomida Erasmus+, O'rxun singari dasturlar haqida batafsil ma'lumot berildi. O'z navbatida ToshDO'TAU bilan akademik almashinuv bo'yicha hamkorlikni yo'lga qo'ygan xorijiy OTMlar xususida ham so'z yuritildi.


Akademik almashinuv bo'yicha xorijga uzoq va qisqa muddatlarga borish uchun mos bo'lgan yo'nalishlarni tanlash, fanlar kesimidagi moslikni aniqlash, shaxsiy ma'lumotnoma (CV) hamda motivatsiya xati yozish bo'yicha ham to'liq tushuntirish berildi.


Xorijda o'qish, akademik almashinuv imkoniyatidan foydalanish istagidagi yoshlar oldiga qo'yiladigan talablar (xorijiy tilni bilish sertifikati, baholar reytingi va hokazo) to'g'risida ham fikr almashildi. Nomzodlar ro'yxati shakllantirilib, adolatli tanlov asosida eng munosib talabalarni qisqa yoki uzoq muddatli almashinuv dasturlariga jalb etishga kelishib olindi. Asosiysi bu kabi uchrashuvlarni tez-tez tashkil etib, talabalarning ko'plab savollariga javob berishga, ko'ngillilar safini kengaytirishga kelishib olindi.