Yangiliklar

img
Sat, 11/12/2022 - 21:22

Xitoy Xalq Respublikasida oʻzbek tilining oʻqitilishi

2022-yil 11-noyabr kuni  Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida “Xitoy Xalq Respublikasida oʻzbek tilining oʻqitilishi”   mavzusida Xalqaro ilmiy vebrnar boʻlib oʻtdi.  Unda xorijlik va respublikamizda faoliyat koʻrsatayotgan  oʻzbek tili oʻqituvchilari, oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha malaka oshirayotgan professor-oʻqituvchilar,  magistr -talabalar, ilmiy tadqiqotchilar qatnashdi.  
 Vebinarni Oʻzbek tili taʼlimi fakulteti  dekani prof.S.Muhamedova boshqarib  bordi. U oʻz kirish nutqida bugungi vebinarning ahamiyati, mazkur vebinar  oʻzbek tilini xorijiy til sifatida  oʻqitishga bagʻishlangan  3-vebinar boʻlib, oldin oʻtkazilgan  vebinarlar Turkiya Respublikasida va  AQSHda oʻzbek tilining oʻqitilishi  yuzasidan boʻlganligini eslatib o‘tdi.    


Dastlabki soʻz Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi  professor Odinaxon Jamoldinovaga  berildi. O. Jamoldinova oʻzbek tilining nufuzini oshirish, jahon miqyosida oʻzbek tilini  oʻrgatish va oʻrganish ishlarini  yangi sifat bosqichiga koʻtarishda universitet jamoasi tomonidan olib borilayotgan ishlar,  xususan, bugungi  vebinarning ahamiyati haqida gapirdi. 


Maʼruzachilar – Xitoy Xalq Respublikasi Pekin shahrida joylashgan Markaziy Millatlar universiteti  Chet tillari fakulteti “Rus va Markaziy Osiyo davlatlari tillari” kafedrasi dotsenti,  filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Mirzaahmedova Dilsora,  Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti “Folklorshunoslik va dialektologiya” kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Rahmatov Mardonlarning chiqishi vebinar ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi. Vebinar norasmiy, oʻzaro fikr almashishlarga boy tarzda oʻtkazildi. Savol-javoblar, muzokaralar, munozaralar natijasida  vebinar ishtirokchilarida xitoyliklarga oʻzbek tilini oʻqitish borasida muayyan yangi gʻoyalar paydo boʻldi va ular  bu  sohada yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishib olishdi.