Xitoy ilmiy-kasbiy muassasalari bilan hamkorlik oʻrnatildi
12-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga Xitoy Xalq Respublikasining Veyxay kasbiy kolleji hamda Tsyansi viloyati Savdo-sanoat palatasi vakillari tashrif buyurdi.
Mehmonlarni universitet ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova hamda Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Ozoda Gulyamova qabul qildi. Uchrashuv davomida tomonlar ta’lim, ilmiy tadqiqot va amaliy hamkorlik yo‘nalishlarida yangi tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Suhbatda universitet huzurida faoliyat yuritayotgan “O‘zbek maktabi”ning faoliyati alohida e’tirof etildi. Mazkur markaz xorijliklarga o‘zbek tilini o‘rgatish, o‘zbek madaniyati va qadriyatlarini targ‘ib qilish, shuningdek o‘zbek tilining xalqaro ta’lim maydonidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Tomonlar Xitoy tilini o‘qitish tizimini rivojlantirish, bu yo‘nalishda O‘zbekistonga xitoylik o‘qituvchilar yuborish hamda ularning ishtirokida o‘quv dasturlarini takomillashtirish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, “O‘zbek maktabi”ga xitoylik talabalar va o‘qituvchilarni jalb etish, ularga oʻzbek va rus tillarini oʻqitish, o‘zaro til muhitini kengaytirish rejalari bildirildi.

Uchrashuvda xitoy tilini o‘rgangan o‘zbek yoshlarini mamlakatimizdagi xitoy kompaniyalarida ish bilan ta’minlash, tarjimonlik, menejerlik va ishlab chiqarish sohalarida amaliy tajriba orttirish imkoniyatlarini yaratish masalalari ham muhim yo‘nalish sifatida ko‘rib chiqildi.

Tsyansi viloyati Savdo-sanoat palatasi vakillari O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xitoy korxonalari uchun o‘zbek tilini biladigan mahalliy mutaxassislar tayyorlash dolzarb ekanini ta’kidlab, bu borada ToshDO‘TAU bilan hamkorlikda aniq loyihalarni amalga oshirish istagini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini kengaytirish, o‘zaro til kurslari faoliyatini rivojlantirish, xitoy tilini o‘qitish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishdilar.

