Yangiliklar

img
Thu, 09/25/2025 - 16:48

Xavfsiz kibermakon

Mamlakatimizda 2025-yil sentabr oyida keng nishonlanayotgan “Xavfsiz kibermakon” oyligi doirasida yoshlar, xususan, talaba-yoshlar o‘rtasida raqamli savodxonlikni oshirish, internet makonida ehtiyotkorlikni kuchaytirish va kibermadaniyatni shakllantirish maqsadida turli targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Shu munosabat bilan universitetning 1-sonli Talabalar turar joyida Yakkasaroy tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Axborot texnologiyalari sohasida jinoyatlarni oldini olish bo‘limi inspektorlari - katta leytenant B.U. Tangirov va katta leytenant A.A. Mamayusupovlar tomonidan talabalar bilan “Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni oldini olish va kibermadaniyatni shakllantirish” mavzusida profilaktik uchrashuv o‘tkazildi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga zamonaviy axborot texnologiyalari bilan bog‘liq tahdidlar, kiberjinoyatchilikning keng tarqalgan shakllari, firibgarlik sxemalari, ijtimoiy tarmoqlardagi xavf-xatarlar va ularga qarshi kurashish yo‘llari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

 

Shuningdek, internetdan foydalanishda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, kuchli parollar qo‘llash, ikki bosqichli autentifikatsiyani yoqish, noma’lum havolalarni ochmaslik kabi amaliy xavfsizlik choralariga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislar tomonidan keltirilgan hayotiy misollar va statistik ma’lumotlar orqali mavzuning dolzarbligi yana bir bor tasdiqlandi.

 

Tadbir yakunida ishtirokchilar bu kabi uchrashuvlarning ahamiyatini alohida ta’kidlashdi. Ular nafaqat bilim va ogohlikni oshiradi, balki internet makonida ongli va mas’uliyatli harakat qilishga chorlaydi. Shuningdek, talabalar tomonidan mazkur mavzuda qo‘shimcha trening va seminarlar o‘tkazish takliflari bildirildi.