
Xalqaro tajribalarning amaliy ahamiyati
Joriy yilning 10-13 fevral kunlari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Nazariy va amaliy tilshunoslik kafedrasi tashabbusi bilan xorijlik mutaxassis, Janubiy Koreyaning Honam universiteti professori Dilnoza Kalanova ishtirokida o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Mazkur mashg‘ulotlar Amaliy tilshunoslik yo‘nalishining 2-kurs talabalari uchun “Shaxslararo va madaniyatlararo kommunikatsiya” fanidan olib borildi. Ma’ruzalar davomida professor Dilnoza Kalanova kommunikatsiya jarayonining lingvistik va madaniy jihatlari, turli madaniyat vakillari o‘rtasidagi muloqot xususiyatlari hamda samarali muloqot strategiyalari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Darslar interaktiv usulda o‘tkazilib, talabalar turli amaliy mashqlar va muhokamalarda faol ishtirok etdilar. Xususan, madaniyatlararo muloqotda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tushunmovchiliklar, ularni bartaraf etish yo‘llari va samarali muloqot ko‘nikmalarini shakllantirishga doir turli amaliy misollar tahlil qilindi.
O‘quv mashg‘ulotlari talabalar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi va ularning nazariy bilimlarini mustahkamlash, amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi. Talabalar xorijiy mutaxassisdan yangi bilim va tajriba olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Mazkur ma’ruzalar universitetda xalqaro ilmiy-akademik hamkorlik doirasida tashkil etilgan bo‘lib, kelgusida bunday tadbirlar muntazam ravishda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.