Yangiliklar

img
Mon, 12/29/2025 - 22:56

Xalqaro ilmiy hamkorlik doirasida xizmat safari amalga oshirildi

2025-yil 12–15-dekabr kunlari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Folklorshunoslik va dialektologiya kafedrasi dotsenti Abdumurad Tilavov Turkiya Respublikasida xizmat safarida bo‘ldi.

Xizmat safari doirasida dotsent A. Tilavov Istanbul universitetining Adabiyot va Ilohiyot yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalarga “O‘zbek xalq adabiyoti” fanidan ma’ruza mashg‘ulotlari olib bordi. Mazkur darslarda o‘zbek xalq og‘zaki ijodining shakllanish manbalari, janrlar tizimi, folklor namunalarining badiiy-estetik xususiyatlari, shuningdek, xalq og‘zaki ijodi va yozma adabiyot o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik masalalari atroflicha yoritildi. Talabalar bilan o‘tkazilgan mashg‘ulotlar savol-javob va muhokama tarzida tashkil etilib, mavzuga doir amaliy misollar orqali tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, xizmat safari davomida Istanbul universiteti professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilari bilan uchrashuvlar tashkil etilib, folklorshunoslik va dialektologiya sohalarining dolzarb masalalari, ilmiy tadqiqotlarning metodologik yondashuvlari hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Ushbu muloqotlar ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qildi.

Xizmat safari jarayonida dotsent Abdumurad Tilavov Istanbul shahrida o‘tkazilgan 42-xalqaro kitob yarmarkasida ham ishtirok etdi. Kitob yarmarkasi doirasida xalqaro nashriyotlar, adabiyotshunos olimlar va ilmiy jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, zamonaviy adabiy jarayon, ilmiy nashrlar va ilmiy-adabiy aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Mazkur xizmat safari o‘zbek xalq adabiyoti va folklorini xalqaro miqyosda targ‘ib etish, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.