Yangiliklar

img
Thu, 11/13/2025 - 17:35

Xalqaro hamkorlik doirasida binar ma’ruza o‘tkazildi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2025-yil 11-noyabr kuni xalqaro hamkorlik doirasida binar ma’ruza tashkil etildi. Ma’ruzani K. Jubanov nomidagi Aqto‘be regional universiteti (Qozog‘iston) Nazariy va amaliy tilshunoslik kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Muratbek Bagilla Kurmanbek kizi hamda filologiya fanlari doktori, professor S. Muhamedova birgalikda olib bordi.

Dotsent Muratbek Bagilla O‘rxun dasturi doirasida stajirovka o‘tamoqda va bir necha kundan beri O‘zbek tili va uni o‘qitish metodikasi kafedrasida faoliyat yuritmoqda. U hozirgi o‘zbek adabiy tili, ona tilini o‘qitish metodikasi, o‘zbek tilini o‘qitish metodikasi va tilshunoslik nazariyasi kabi fanlar bo‘yicha o‘tkazilayotgan ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarda faol qatnashib, talabalarga nazariy va amaliy bilimlarni yetkazishga yordam bermoqda.

Ma’ruza “Til sistemasi. Paradigmatika va sintagmatika” mavzusida 4-kurs talabalari uchun o‘tkazildi. Dastlabki so‘z filologiya fanlari doktori, professor S. Muhamedovaga berildi. U mavzuning nazariy asoslari bilan tanishtirib, asosiy ilmiy tushunchalarni misollar orqali tushuntirdi, talabalarning mavzuni yaxshiroq anglashlariga ko‘maklashdi.

 

Ma’ruzaning ikkinchi qismi Muratbek Bagillaga berildi. U o‘z chiqishida universitet talabalariga nafaqat mavzu doirasida, balki K. Jubanov nomidagi Aqto‘be regional universiteti faoliyati, qozoq tilshunosligining rivojlanish bosqichlari va bugungi kundagi taraqqiyot tendensiyalari haqida ham ma’lumot taqdim etdi. Shuningdek, dotsent Muratbek Bagilla o‘zbek va qozoq tillarining o‘xshash va farqli tomonlarini tahlil qildi hamda yangi qabul qilingan qozoq tilining lotin yozuviga asoslangan alifbosi haqida fikrlarini bildirdi.

 

Ma’ruza so‘ngida talabalar o‘z savollarini berdilar va ma’ruzachilar ularni batafsil tushuntirib, ochiq va samimiy muloqot olib bordilar. Tadbir davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab, kelgusidagi ilmiy va pedagogik almashinuv rejalarini muhokama qildilar.

Binar ma’ruza nafaqat talabalar uchun nazariy bilimlarni mustahkamlash, balki O‘zbekiston va Qozog‘iston universitetlari o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.