Yangiliklar

img
Fri, 11/07/2025 - 16:31

Xalq ijodi – milliy o‘zlikni shakllantirish omili

Zamonaviy jamiyatda milliy o‘zlikni shakllantirish masalasi global madaniy jarayonlar, axborot oqimining kuchayishi hamda qadriyatlar tizimining o‘zgarishi sharoitida yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu jarayonda xalq ijodi – millat ma’naviyatining ildizi, tarixiy xotiraning ifodasi va ijtimoiy birdamlikni ta’minlovchi kuch sifatida alohida o‘rin egallaydi.

Xalq ijodi asrlar davomida xalqning dunyoqarashi, tafakkuri, orzu-umidlari va axloqiy qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan holda milliy o‘zlikning shakllanishi va mustahkamlanishiga xizmat qilib kelgan. Bugungi kunda esa ma’naviy madaniyat transformatsiyasi – ya’ni an’anaviy qadriyatlarning zamonaviy hayot bilan uyg‘unlashuvi – xalq ijodi orqali yangi mazmun bilan boyimoqda.

Xalq ijodining rekonstruksiyasi o‘tmish merosini zamonaviy ijtimoiy hayotda qayta tiklash, uni yosh avlod ongiga singdirish va milliy o‘zlikni mustahkamlash jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois xalq ijodi zamonaviy madaniyatning ajralmas qismi, milliy o‘zlikni saqlash va rivojlantirishning muhim ijtimoiy omili sifatida baholanadi.

2025-yil 4–11-noyabr kunlari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi hamda Qozog‘iston Respublikasining L.N. Gumilyov nomidagi Yevroosiyo Milliy universiteti hamkorligida ilmiy dastur doirasida tadqiqotchilar guruhi tashrifi bo‘lib o‘tdi.

 

Mazkur ilmiy dasturda tarix fanlari doktori, dotsent Kalenova T.S., tarix fanlari doktori, professor Artikbayev J.O. hamda tarix fanlari doktori, dotsent Abdurahmanova G.S. ishtirok etdilar.

Tashrif “Zamonaviy milliy o‘zlikni shakllantirishda xalq ijodining ijtimoiy o‘rni: ma’naviy madaniyatning transformatsiyasi va rekonstruksiyasi” nomli ilmiy-tadqiqot dasturi doirasida tashkil etildi.

Ilmiy seminarda universitetning 3-kurs rus va o‘zbek guruh talabalari, shuningdek, ikki oliy ta’lim muassasasi olimlari ishtirokida qiziqarli davra suhbati o‘tkazildi.

 

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — O‘zbekiston va Qozog‘iston olimlari o‘rtasida ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, ma’naviy-madaniy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda xalq ijodi orqali milliy o‘zlikni anglash jarayonlarini chuqur o‘rganishdan iboratdir.

Universitet tomonidan mehmon olimlar uchun ilmiy uchrashuvlar, kutubxona bilan tanishuv, madaniy tadbirlar va tajriba almashish uchrashuvlari tashkil etildi. Mazkur tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy aloqalarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qildi.