“Xalq donishmandligi — badiiyat ildizi” mavzusida ilmiy-adabiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2025-yil 6-dekabr kuni O‘zbek adabiyoti va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi huzurida tashkil etilgan “UYG‘ONISH” ilmiy-adabiy to‘garagining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv “Xalq donishmandligi va badiiyat” mavzusiga bag‘ishlanib, unda filologiya fanlari doktori, professor, yozuvchi va mutarjim Ma’rufjon Yo‘ldoshev ishtirok etdi.
Anjumanda professor Ma’rufjon Yo‘ldoshevning “Qo‘rqut ota kitobi” tarjimasi hamda “Shams ila Mavlono” qissasi yuzasidan mazmunli va qiziqarli suhbatlar tashkil etildi. Tadbir davomida “Qo‘rqut ota kitobi” kabi ulkan epik yodgorlikning mazmun-mohiyati, unda aks etgan milliy qadriyatlar, turkiy xalqlarning tarixiy dunyoqarashi, alp qahramonlarning jasorati va jo‘mardligi xususida batafsil fikr yuritildi. Shuningdek, dostonning yaratilish tarixi va hozirgi kunga qadar yetib kelish bosqichlari, tarjima jarayonidagi ilmiy va badiiy mas’uliyat masalalari alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv jarayonida “Shams ila Mavlono” qissasi mazmuni, g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari haqida ham atroflicha so‘z yuritildi. Asardagi she’riy parchalar suxandon Oybek Tohirov tomonidan ifodali tarzda ijro etilib, qatnashchilarda chuqur taassurot qoldirdi. Savol-javob va erkin bahs-munozaralar tadbirning yanada sermazmun o‘tishiga xizmat qildi.

“Uyg‘onish” ilmiy-adabiy to‘garagining asosiy maqsadlaridan kelib chiqib, yig‘ilish davomida talabalar ijodiga ham keng o‘rin berildi. Yosh ijodkorlarning she’riy va nasriy namunalarini tinglash, ularni adabiy tanqid nuqtayi nazaridan tahlil qilish orqali talabalarning badiiy tafakkurini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Bildirilgan fikr-mulohazalar, tahlillar va xulosalar ishtirokchilar uchun muhim ijodiy maktab vazifasini o‘tadi.

Umuman olganda, “Uyg‘onish” to‘garagining ushbu yig‘ilishi adabiyot, milliy meros va zamonaviy badiiy jarayonlar uyg‘unligini ko‘rsatib bera olgan, ilmiy va ma’naviy jihatdan yuksak saviyada tashkil etilgan tadbir sifatida barchada iliq taassurot qoldirdi.

