Yangiliklar

img
Sat, 05/20/2023 - 10:01

Vengriyaning bir qator universitetlari bilan hamkorlik o‘rnatildi

Avval xabar berganimizdek,  Budapesht shahrida O‘zbekiston-Vengriya II rektorlar forumi bo'lib o‘tmoqda. Forumning navbatdagi kunida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti va Vengriyaning 3 ta universiteti bilan hamkorlik memorandumi imzolandi,   avvalroq hamkorlik o'rnatilgan Eotvos Lorand universiteti bilan memorandum qayta to'ldirildi va yangilandi.  
Endilikda Vengriyaning Avliyo Ishtvan universiteti, Sopron universiteti va Zemmelvays universiteti ham ToshDO‘TAUning hamkorlari sanaladi. 


Muzokaralar davomida Eotvos Loran universiteti bilan avvalroq boshlangan Erasmus loyihalarining qamrovini yanada kengaytirish va ko‘paytirish taklifi ilgari surildi.  Bundan tashqari sinovdan o‘tgan hamkorlikning natijasi o‘laroq ayni universitetda O‘zbek madaniyati markazini ochish masalasi Vengriya tomoni tarafidan ham ma'qullandi. Qolaversa, o‘zbek-venger/venger-o‘zbek tili lug‘atlari yaratilish ishlarini yanada jadallashtirish lozimligi ham alohida qayd etildi. Bu o‘z navbati ikki til egalarining tarjima sohasida yirik loyihalar boshlashlariga turtki bo‘lishi aytildi.


Vengriyada o‘qish imkoniyatini beruvchi "Stipendium Hungaricum" stipendiyasi aynan filologiya sohasida nisbatan kam berilayotgani va endilikda aynan filologlar uchun stipendiyalar sonini oshirish belgilandi.


Zemmelvays  hamda Sopron universitetlari bilan sotsiologiya va kompyuter texnologiyalari sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi. Qolaversa,  Scopus va "Web of Science" ilmiy bazalariga kiritilgan jurnallarda ikki davlat olimlari hammualliflikda maqolalar nashr qilish, qisqa muddatli stajirovkalar tashkil etish singari vazifalar belgilab olindi.