Yangiliklar

img
Tue, 01/13/2026 - 15:41

Vatan himoyasi – muqaddas burch

14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatga ega, yuqori saviyada tashkil etilgan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning ochilish qismida Vatan tushunchasining muqaddasligi, yurt tinchligi va barqarorligini ta’minlash yo‘lida xizmat qilayotgan Vatan himoyachilarining mashaqqatli va sharafli mehnati alohida e’tirof etildi. Ularning jasorati va fidoyiligi yosh avlod uchun ibrat ekani ta’kidlandi.

Dastur davomida yosh harbiylar tomonidan namoyish etilgan harbiycha chiqishlar tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Ushbu chiqishlarda intizom, jismoniy tayyorgarlik, mahorat va jamoaviylik yaqqol namoyon bo‘ldi. Bu esa yurt himoyachilarining har tomonlama puxta tayyorlanganligini yana bir bor tasdiqladi.

Shuningdek, tadbir universitet talabalari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, badiiy va she’riy chiqishlar bilan boyitildi. Ushbu chiqishlarda Vatanga muhabbat, tinchlikni asrash, sadoqat va fidoyilik g‘oyalari chuqur mazmun bilan ifoda etilib, tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

  

Tadbir yakunida yurt ravnaqi va tinchligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan erkaklar e’tirof etilib, ularning fidokorona mehnati munosib taqdirlandi. Mazkur e’tibor ishtirokchilar tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi.

  

Mazmunan boy va ko‘tarinki ruhda o‘tgan ushbu tadbir yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda Vatanga sadoqat, mas’uliyat va fuqarolik burchiga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.