Yangiliklar

img
Fri, 05/12/2023 - 10:56

Vakillarimiz Qozog'istonda ma'ruzalar o'qishmoqda

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda M.Avezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston universiteti oʻrtasida tuzilgan ikki tomonlama kelishuvga asosan Ona tili va adabiyoti ta’limi kafedrasining 5 nafar  professor-oʻqituvchisi Qozog'istonda bo'lib turibdi. Tashrifdan ko'zlangan asosiy maqsad M.Avezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston universitetiga ma’ruza oʻqish hamda amaliy mashg’ulotlar olib borish, hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar ko'lamini yanada kengaytirishdan iborat.
Vakillarimizni JQU Qozoq tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti Y.Madaliyev kutib oldi  va universitet ma'muriyati bilan rasmiy doirada suhbat bo'lib o'tdi.
Shundan so'ng professor-o'qituvchilarimiz mezbon universitetning filologiya fakulteti talabalariga ma'ruza o'qidilar. O'zbekiston ta'lim tizimidagi va ilmiy tadqiqot sohasidagi so'nggi yutuqlar, adabiy ta'limdagi so'nggi yondashuvlar, til o'rgatish borasidagi zamonaviy metodika mavzularida olib borilgan ma'ruza mashg'ulotlari talabalarga manzur bo'ldi, qozog'istonlik pedagoglar tomonidan ham ijobiy baholandi.
Ma'lumki, mazkur universitetda O'zbek tili bo'yicha ham bakalavr mutaxassislar tayyorlanadi. Mazkur yo'nalish talabalari uchun yaratilgan fan dasturlari, o'quv va uslubiy ishlanmalarning har birida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti olimlari taqrizchi, ekspert va hatto hammuallif sifatida ham ishtirok etib kelmoqdalar. Shu ma'noda mazkur ta'lim yo'nalishi bo'yicha ToshDO'TAU tayanch hisoblanadi.