Yangiliklar

img
Sat, 05/13/2023 - 14:08

Universitetning yetti yilligi munosabati bilan rektor tabrigi

Bugun O‘zbekiston innovatsion rivojlanish yo‘lidan odimlayotir. Vatanimiz tarixida yangi bir davr boshlangan ilk kezlarda tashkil etilib, yurtimiz ma’naviy-ma’rifiy hayotida katta voqelik bo‘lgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyat boshlaganiga yetti yil to‘ldi. Bu universitetdan davlatning va xalqning umidi katta edi, shu bois ham jamoamiz ilk kunlardan boshlab zimmasidagi mas’uliyatni chuqur his qilgan holda dadil harakat qildi. Biz o‘zimizga bildirilgan katta ishonchni oqlashga, zamonaviy fikrli, millatsevar, vatanparvar yoshlarni tarbiyalash, milliy tilimiz va adabiyotimizni dunyoga targ‘ib etishdek buyuk maqsadlar tomon aniq strategik reja asosida faoliyat olib bormoqdamiz. O‘tgan yetti yilda pedagogik jamoamiz, talabalarimiz bilan birgalikda katta yo‘lni bosib o‘tdik, qisqa muddat ichida milliy va xalqaro reytinglarda munosib natijalar qayd etdik, ilk qaldirg‘ochlarimiz bo‘lgan bitiruvchilarimiz allaqachon jamiyatning turli bo‘g‘inlarida mehnat qilishmoqda, yurtga nafi tegmoqda. Shu davr ichida bizning bitiruvchilarimiz bo‘lgan kadrlar haqida juda iliq fikrlar eshitdik. Bugun ta’lim, jurnalistika, boshqaruv tarmoqlarida mehnat qilayotgan yuzlab bitiruvchilarimiz erishgan muvaffaqiyatlarni ko‘rib sevinamiz, mehnatlarimiz zoye ketmayotganidan mamnun bo‘lamiz. 
 Biz tamomila boshqacha dunyoqarashga ega, siyosatni, global hayotni to‘g‘ri tushunib, tahlil qilishga qodir, o‘z navbatida tariximizni ham yaxshi biladigan, ijodiy qobiliyati yuksak yoshlarni qo‘llab-quvvatlaydigan, rag‘batlantiradigan tizim yaratishni istagan edik. Bu istagimiz ozmi-ko‘pmi amalga oshdi va oshmoqda. Talabalarimiz respublika va xalqaro miqyosdagi tanlovlarda sovrindor bo‘lib qaytishyapti. Mohiya Uzoqova, Samandar Yusupov, Mohiniso Shomurodova, Sevinch Avazova, Maftuna Umarova, Ozodaxon O‘ktamova, Orifjon Olimjonov singari ilg‘or yoshlarimiz safini to‘dirayotgan Hulkaroy Rajabova, Abduhalil Hasanov, Gavharshodbegim Xudoynazarova, Sevara Shokirova, Jamshid Tolliboyev kabi  talabalarimizga boqib, kelajakka bo‘lgan ishonchimiz ortadi. 
O‘z navbatida mamlakatimizda tengsiz bo‘lgan jamoamiz haqida gapirmasak bo‘lmaydi. Respublikada ilmiy salohiyat bo‘yicha yetakchilikni qo‘ldan boy bermay kelayotganimizning asosiy sababchilari mehnatsevar, ilmiy faoliyatda sobit, jonkuyar ustozlarimizdir. Men har gal Zulxumor Xolmanova, Hamidulla Dadaboyev, Samixon Ashirboyev, Saodat Muhamedova, Nurboy Jabborov, Uzoq Jo‘raqulov, Bahodir Karim singari olimlarimizga boqib, qalbimda cheksiz faxr tuyaman. Talabalarimizning o‘ziga bo‘lgan ishonchi, puxta bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi aynan shunday fidoyi ustozlarimizning shaxsiy namunasidan deb o‘ylayman. Xalqimiz Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etishdek ulug‘vor maqsad sari intilayotgan ekan, bu ezgu yo‘lda bizga tayanch va  tirgak bo‘ladigan, oldinga ruhlantiradiganlar shunday ziyolilar bo‘ladi. 
Aziz jamoadoshlar, muhtaram talabalar! Sizlarni sevimli bilim maskanimizning yeti yilligi bilan muborakbod etaman. Boy an’analarga va innovatsion g‘oyalarga ega bo‘lgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining ilm-u ma’rifat va ta’lim-tarbiya sohasidagi yutuqlari yanada ko‘paysin, Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shishda qat’iyat va shijoat bilan mehnat qilishdan charchamang!

Shuhrat Sirojiddinov
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat 
o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, 
filologiya fanlari doktori, professor