Yangiliklar

img
Thu, 04/14/2022 - 18:16

Universitetimizga XXR ning O'zbekistondagi vakillari tashrif buyurdi

Joriy yilning 14-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti Xalqaro aloqalar ofisiga Xitoy Xalq Respublikasining O’zbekistondagi elchixonasi vakillari Xitoy va O‘zbekiston mamlakatlari o’rtasida olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy, madaniy, ilmiy aloqalar hamda bu borada universitetda amalga oshirilayotgan ishlar haqida muzokara olib borish maqsadida tashrif buyurdi.

Xitoy elchixonasi maslahatchi-vakili janob Chjan Tsindun hamda Xitoy elchixonasi vakili Chen Yuytszyunni universitet Xalqaro aloqalar bo’yicha prorektori Nozliya Normurodova kutib oldi. Universitetimizda 2021-yilning 13-dekabrida Xitoy xalq respublikasining favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim tashrifi bilan “Xitoy tili va madaniyati” markazi ochilgan edi.

 Muzokaralar davomida  universitetimizdagi mazkur xitoy tili markaziga elchixona tomonidan muntazam ravishda xitoy tilini o’rgatadigan o’qituvchi ajratilishi va Xitoy ― O’zbekiston ta’limi doirasida amalga oshirilishi mumkin bo’lgan yangi loyihalar muhokama qilindi.

 XXRning O’zbekistondagi elchixonasi vakillari mazkur markazda talabalarning xitoy tilidan chuqur saboq olishlari, xitoy tili va madaniyatini o’rganishlari uchun yanada yaxshi sharoitlar yaratilishini aytib o’tdi.