
Universitetimizga xorijlik o'qituvchilar tashrif buyurdi
Til-millat ruhi. Bugungi kunda Аlisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʼzbek tili va adabiyoti universitetining xorijiy hamkorlari soni 97 ga yetib, ular bilan har tomonlama yaqin hamkorlikda oʼquv jarayoni, ilmiy-uslubiy jabhalarda sifat darajalarini koʼtarish ustida muntazam ish olib borilmoqda. Universitet oʼzbek tilining Oʼzbekistonda va xalqaro miqyosda nufuzini oshirish, shu bilan bir qatorda, xalqimizning ma’naviyati, tarixi va madaniyatini tadqiq etish hamda ushbu maqsadni amalga oshirish uchun yetuk mutaxassislarni tayyorlash boʼyicha tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Shuni inobatga olgan holda, ToshDO‘TAU jahonning turli davlatlarida mavjud o‘zbek tili va adabiyotini o‘rgatish, o‘qitish borasida xorijiy hamkorlarini hamisha qo‘llab-quvvatlaydi.
Xususan, joriy yilning 17-iyun kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universitetiga Qirg’iz Respublikasidan tashrif buyurgan 32 nafar o’zbek tili va adabiyoti fani o’qituvchilari uchun seminar treninglar boshlandi.
Seminar ishtirokchilariga universitetimizning yetuk professor-o‘qituvchilari o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish sohasidagi zamonaviy tendensiyalar, metodik usullar, muammo va yechimlar haqida ma'ruza qildilar.
Jumladan, O’zbek tili va adabiyotini o’qitish fakulteti professorlari Qozoqboy Yo’ldoshev hamda Roza Niyozmetova, Amaliy filologiya fakulteti professori Baxtiyor Mengliyev hamda pedagogika fanlari bo’yicha falsafa doktori Dilafruz Xidoyatova o’zbek tili va adabiyotini o’qitish metodikasi, adabiyot oʼqitish shakllari (noanʼanaviy va zamonaviy talablar asosida), adabiy taʼlimning ustuvor yo‘nalishlari, sohaga doir zamonaviy texnologiyalar kabi masalalarda qimmatli fikrlarini bayon qildilar.
Hozirgi tezkor va shiddatli axborot asrida har bir o‘qituvchining oldida o‘quvchilarning fanga bo‘lgan ijobiy layoqatini rivojlantirish, interfaol usullardan, AKTdan unumli foydalanish, adabiy o‘qish orqali ularning dunyoqarashini kengaytirish va mafkuraviy xurujlarga bardoshli shaxslarni tarbiyalash vazifasi turadi. Dars jarayonini tashkil etishda o‘qituvchilarning vazifalari avvalgidan bir necha barobar ko‘proq, imkoniyatlar ham bisyor.
Seminar doirasidagi mahorat darslari doirasida Qirg‘iz Respublikasidan tashrif buyurgan o‘qituvchilarga aynan yuqorida qayd etilgan muhim muammolarning yechimini topishda dasturilamal bo‘ladigan mahorat darslari, treninglar va nazariy mashg‘ulotlar olib boriladi.
Ilmiy seminar 3 kun davom etadi.