Yangiliklar

img
Fri, 04/29/2022 - 21:58

Universitetimizga biriktirilgan maktablarda tadbirlar uyushtirilishi davom etmoqda

Joriy yilning 29-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Xotin-qizlar kengashi raisi G.Joʻrayeva hamda Ohangaron shahar hokimligi hamkorligida  ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy tadbir tashkil etildi.

Mazkur tadbir Ohangaron shahrining 1- umumta’lim maktabida bo’lib o’tdi. Yig’inni Ohangaron shahar hokimi Akrom Eshonqulov kirish so’zi bilan ochib berdi.  Tadbirda G.Joʻrayeva soʻzga chiqib, oʻquvchilarga ilm olishning muhimligi, qizlarning ilm-ma’rifatli va ziyoli boʻlishi zaruriyati, kitobxonlik haqida gapirib oʻtdi.

Mazkur uchrashuvga Oʻzbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo tashrif buyurdi. Ohangaron shahrining 12 ta maktabidan yigʻilgan eng faol va ijodkor oʻquvchilar Iqbol Mirzo bilan uchrashib, oʻgitlarini olish baxtiga sazovor bo’lishdi. Jarayon davomida shoir o’quvchilarga o’zining ijodidan namunalar keltirib o’tdi.  Taniqli xonanda Toshpoʻlat Matkarimovning “Oq tulpor” qoʻshigʻi ishtirokchilarga oʻzgacha koʻtarinki ruh bagʻishladi.

Tadbirda davra suhbatlari uyushtirildi, iqtidorli o’quvchilar she’rlar o’qidi. Eng faol oʻquvchilarga Iqbol Mirzoning she’riy toʻplamlari topshirildi. Bugungi uchrashuv maktab o’quvchilarida katta taassurot qoldirdi. Maktab ma’muriyati universitetimiz va shahar hokimligiga  mamnuniyat bilan minnatdorchilik bildirishdi.