Yangiliklar

img
Tue, 05/24/2022 - 22:03

Universitetimizda "Zakovat" intellektual o'yinining final bosqichi!

Xabaringiz bor, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 6 yilligi munosabati bilan 21-may kuni bakalavriat talabalari o'rtasida "Zakovat" intellektual o'yini o’tkazildi. Intellektual o‘yinda 56 ta jamoa ro’yxatga olindi va 300 dan ortiq talaba ishtirok etdi.  

Murosasiz kechgan bahs-munozaralardan so‘ng 3 ta jamoa finalga yo‘l oldi. Bugun, 24-may kuni “Zakovat” intellektual o‘yinining final bosqichi 3ta jamoa o‘rtasida o'tkazildi va g’oliblar aniqlandi.

Natijalarga ko’ra: 
I o‘rinni “Tarjimonlar” jamoasi ,
II o‘rinni “Bizga bo‘laveradi” jamoasi,
III o‘rinni “Harward” jamoasi qo‘lga kiritdi.


G’olib jamoalarga mukofotlar 28-may kuni―tantanali taqdirlash marosimida topshiriladi.

Ma’lumot uchun, 2022-yil 20-yanvar kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev «Zakovat» intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Jumladan, «Yangi O‘zbekiston bog‘i»ga tutash hududda «Zakovat intellektual o‘yinlari klubi» uchun alohida bino hamda «Intellektual o‘yinlar shaharchasi» barpo etiladi. 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab intellektual o‘yinlarning respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan o‘quvchi yoshlar va talabalar uchun yil davomida har oyda beriladigan «Zakovat» stipendiyasi joriy etiladi. 2022-yildan boshlab har yili talabalar o‘rtasida Intellektual olimpiyada tashkil qilinadi. Unda umumjamoa hisobida dastlabki uchta o‘rinni qo‘lga kiritgan oliy ta’lim muassasasiga O‘zbekiston prezidenti sovg‘asi topshiriladi. Intellektual o‘yinlarning respublika bosqichida g‘olib va sovrindor bo‘lgan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari hamda OTM talabalari ta’limning keyingi bosqichiga bazaviy to‘lov-kontrakt asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilinadi.

Qadrli talabalar, “Zakovat” intellektual o’yini uchun o’z jamoangizni shakllantiring, o’yinda muntazam ravishda ishtirok eting va g’oliblikni qo’lga kiriting.