Yangiliklar

img
Tue, 05/31/2022 - 13:41

Universitetimizda “O‘zbek tilining milliy korpusi: muammo va vazifalar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo'ib o'tdi

Joriy yilning 31-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “O‘zbek tilining milliy korpusi: muammo va vazifalar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo'lib o'tdi.

Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi,  Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Istanbul texnika universiteti, Aqto‘be (Qozog’iston) davlat universitetlari bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Konferensiyani universitetimiz rektori, professor Shuhrat Sirojiddinov kirish so’zi bilan ochib berdi.

Anjuman raisi, Amaliy filologiya fakulteti dekani, professor Saodat Muhammedova mazkur anjumanning dolzarbligi haqida so’z yuritib, kun tartibi bilan tanishtirdi.

Vazirlar Mahkamasi “Ma’naviyat va davlat tili masalalarini rivojlantirish departamenti” mas’ul xodimi G’ofir Hamrayev

va O’zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri maslahatchisi  Odinaxon Jamoldinova ham so’zga chiqib, anjuman ishtirokchilarini tabrikladi.

Kirish qismidan so’ng, professor-o’qituvchilar tomonidan yalpi yig’ilish ma’ruzalari eshittirildi. Shuningdek, Samarqand davlat universiteti professori Suyun Karimov,

Istanbul texnika universiteti professori Eshref Adali,

 Aqto‘be davlat universiteti professorlari Shokym Guljan,

Bagila Muratbek, universitetimiz professorlari Baxtiyor Mengliyev,

Zulxumor Xolmanovalar mavzu doirasidagi mazmunli ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.  Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻzbek tilining milliy korpusini yaratish masalalari, oʻzbek tilining milliy korpusini yaratishda erishilgan yutuqlar, muammo va vazifalar, tabiiy tilga avtomatik ishlov berish muammolari, oʻzbek tilining formal grammatikasini yaratish muammolari, til taʼlimida korpuslardan foydalanish istiqbollari kabi masalalarni qamrab oldi.  

Konferensiyada 30 ga yaqin chet ellik va 100 ga yaqin o‘zbekistonlik olimlar, tadqiqotchilar qatnashdi. Anjumanda “Oʻzbek tilining milliy korpusi: natijalar, muammolar, vazifalar”, “Oʻzbek tilining milliy korpusini yaratish masalalari”, “Tabiiy tilga avtomatik ishlov berish muammolari”, “Oʻzbek tilining formal grammatikasini yaratish muammolari”, “Til taʼlimida korpuslardan foydalanish istiqbollari” kabi sho‘balar bo‘yicha ish olib borildi. Jarayon davomida universitet O'zbek tili va adabiyotini o'qitish fakulteti dekani, professor Laylo Raupova mazkur korpus yaratilishi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar hisoboti haqida so'z yuritib, o'zbek tili ta'limiy korpusining yaratilishi va imkoniyatlari xususida ma'lumot berdi.


Ushbu xalqaro konferensiya milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyat bo‘lgan ona tilimizni tom ma’noda davlat tiliga aylantirish, uning jamiyatdagi, turkiy tillar orasidagi, xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzini oshirishga qaratilgan muhim tadbirlardan biridir.

Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bir qator qaror va farmonlarida belgilangan vazifalar asosida tashkil etilganligi bilan muhimdir.