Universitetimizda Mudofaa vazirligi tizimi xodimlari uchun malaka oshirish kurslari boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilarining ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida” PQ-3898-sonli qarori hamda “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasi”da belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
Universitetda ushbu yo‘nalishda samarali faoliyat olib borish uchun yetarli ilmiy salohiyat va moddiy-texnik baza yaratilgan. Shu asosda Mudofaa vazirligi tizimida xizmat qilayotgan ofitserlar hamda hududiy bo‘linmalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bilan shug‘ullanayotgan mutaxassislar uchun 14 kunlik malaka oshirish kursi yo‘lga qo‘yildi.
Malaka oshirish kursining asosiy maqsadi tinglovchilarning O‘zbekistonning jahon siyosiy tizimidagi o‘rni haqidagi bilimlarini kengaytirish, ularni xolisona va tanqidiy fikrlashga o‘rgatish, mamlakatimiz hayotidagi ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarni chuqur tahlil qila olish ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat.

Shuningdek, kurs davomida tinglovchilar tarbiyaviy va mafkuraviy jarayonlarning tashkiliy hamda metodologik asoslari bo‘yicha bilimlarini mustahkamlash, demokratik taraqqiyot jarayonida uchraydigan muammolarni aniqlash, ularni tahlil etish va amaliy yechimlar ishlab chiqish ko‘nikmalarini egallaydilar.

Shu yilning 13-oktabr kunidan boshlab ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘linmalarida xizmat qilayotgan ofitser va mutaxassislar malaka oshirish kursi tinglovchilari safiga qabul qilindi va ular 14 kunlik o‘quv mashg‘ulotlarini boshladilar.

