
Universitetimizda ma'naviy-ma'rifiy tadbir bo'lib o'tdi
Joriy yilning 29-mart kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Yakkasaroy tumani hokimligi hamkorligida tuman yoshlari va universitet talabalari o'rtasida yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ijtimoiy muhitni barqarorlashtirishga qaratilgan ma'naviy-ma'rifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbirda yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor B. Xoliqov, din ishlari boʻyicha qoʻmita boʻlim boshligʻi I.Ma'rupov, Yakkasaroy tuman hokimi oʻrinbosari I.Rahimov ishtirok etdi.
Yig'ilishda I.Ma'rupov so'zga chiqib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, din siyosati, terrorchilik va diniy ekstremizm qurbonlari hamda “Mehr” operatsiyasi haqida gapirib oʻtdi. Shundan so'ng “Yoshlarni yemirayotgan illatlar” hamda Yaqin Sharqdagi qonli mojarolar haqidagi hujjatli filmlar namoyish etildi. Jarayon davomida talabalar bilan davra suhbati uyushtirildi.
Yoshlar o'zlarini qiziqtirgan turli savollar bilan murojaat qilib, har bir savolga aniq, puxta va batafsil javoblar olishdi. Tadbir soʻnggida davra suhbatida faol ishtirok etgan yoshlarga tuman hokimligi tomonidan maxsus kitoblar toʻplami hadya qilindi.