Yangiliklar

img
Fri, 05/13/2022 - 17:19

Universitetimizda ilmiy-metodologik seminar bo'lib o'tdi

Joriy yilning 13-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha, umumiy o‘rta, professional va oliy ta’lim tizimlarida o‘quv dasturlarining uzviyligini ta’minlash konsepsiyalari, “O‘zbekiston Respublikasi uzluksiz ta’lim tizimi Milliy o‘quv dasturlari” tajriba-sinoviga bag‘ishlangan ilmiy-metodologik seminar tashkil etildi. Seminarni ToshDO‘TAU rektori, filolofiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinov kirish so‘zi bilan ochib berdi. “Ta’lim tizimi ayni hozirgi vaqtga kelib murakkab, juda murakkab jarayon bo‘lib qolmoqda. Ta’lim tizimidagi uzviylik uzluksizlikni tashkil etmayotgani uchun ham samara biz kutganchalik natija bermayapti!” ― deya ta’kidladi universitetimiz rektori. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Odil Qo‘ysinov o‘z so‘zini universitetimizning 6 yilligi bilan tabriklashdan boshladi: “Bu universitet ochilganiga 6 yil bo‘ldi, ammo xalqaro va milliy reytinglarda juda tezlik bilan o‘z o‘rniga ega bo‘lmoqda. Albatta, Shuhrat Samariddinovich, bu Sizning va jamoangiz boshchiligidagi mehnatlar samarasidir. Bardavom bo‘lsin!” Shuningdek, Odil Qo‘ysinov so‘zi davomida ta’lim tizimining viloyatlardagi samarasi, qayd etilayotgan past ko‘rsatkichlar haqida aytib o‘tdi.

 Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig'i maslahatchisi Abduraxim Nasirov ham so‘zga chiqib, ta’limdagi uzviylik va uzluksizlikning dolzarbligi, xalq ta’limi tizimida bugungi kundagi o‘zgarishlar, o‘qituvchilar oldiga qo'yilayotgan vazifalar va metodologik seminarlarning bu boradagi ahamiyatini ta’kidlab o‘tdi.

Seminarda universitetimiz professor o‘qituvchilari ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi. Jumladan, professor Zulxumor Xolmonova “Til ta’limida integrativ yondashuv” mavzusida,

professor Baxtiyor Mengliyev “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” va “Hozirgi o‘zbek tili” fanlarini o‘qitish muammolari mavzusida, 

dotsent Klaraxon Mavlonova “Ona tili ta’limi: uzviylik va uzluksizlik” mavzusida ma’ruza qildi.

Seminarning yalpi majlisidan so'ng maktab o‘qituvchilari uchun alohida mahorat darslari ham tashkillashtirildi.

Seminarga tashrif buyurgan mehmonlar universitetimiz vakillariga minnatdorchilik bildirishdi. Seminarda nazarda tutilgan muammolar atroflicha o'rganildi.