
Universitetimizda hamkorlik uchrashuvi bo'lib o'tdi
Maʼlumki, bugungi kunda Oʼzbekiston MDH davlatlari orasida taʼlim sohasida ijobiy yangilanishlarni qoʼlga kiritayotgan eng ilgʼor mamlakatlardan biri hisoblanadi. Joriy yilning 17-iyun kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida hamkorlik uchrashuvi bo’lib o’tdi.
Qozog'iston BMT Taraqqiyot dasturining xalqaro maslahatchisi, oliy ta'lim sohasi eksperti Yesimova Sholpan Altinbekovna universitetimiz rektori Sh.Sirojiddinov bilan uchrashdi.
Hamkorlik uchrashuvida Xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektor N.Normurodova, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor v.b N.Jo'raqo'ziyev ham ishtirok etdi.
Uchrashuvda xalqaro reyting tizimidagi baholash indikatori, World University Rankings (WUR) global reyting metodologiyasi, Impact Rankings 2022, kelgusi istiqbollar uchun imkoniyatlar, xalqaro tendentsiyalar va hamkorlik munosabatlarida mustahkam aloqa oʼrnatish borasida suhbatlashildi. Аyniqsa, “University Portfolio Review” ning muhimligi, universitetlar reytingiga oid maʼlumotlar va ularni tahlil qilish vositalaridan foydalanish, universitet brendini rivojlantirish yoʼllari, xalqaro baholash tizimlari muhokama qilindi.
Dunyoda bir qator tashkilotlar jahondagi universitetlarning nufuzini belgilash boʼyicha doimiy tadqiqotlar oʼtkazib, oliy taʼlim muassasalarining reytingini tuzib borishadi. Jumladan, Quacquarelli Symonds World University Rankings (QS), Times Higher Education (THE) kabi tashkilotlar tomonidan olib boriladigan tahlillar xolis va obyektivligi bilan dunyo hamjamiyatida eʼtirof etilgan. 2022-yilda universitetimiz Times Higher Education (THE) Xalqaro reyting agentligi tomonidan e'lon qilingan jahonning nufuzli universitetlari reytingida top 1001+ universitetlar ro'yxatiga kiritildi.