Yangiliklar

img
Sat, 04/16/2022 - 09:28

Universitetimiz talabasi "Eng yaxshi ijtimoiy rolik" nominatsiyasi g'olibi

«Assalom, Navro‘z — yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!» tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.


Milliy matbuot markazida Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tashabbusi bilan, Yoshlar ishlari agentligi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi hamkorligida o‘tkazilgan «Assalom, Navro‘z — yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!» tanlovi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda AOKA direktori Asadjon Xodjaev, EOVMA rahbari Sherzodxon Qudratxo‘ja, Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov, tashkiliy qo‘mita va hakamlar hay'ati a'zolari, jurnalistlar ishtirok etdi. Hakamlar hay'atining xulosalariga ko‘ra, 513 ta ijodiy ish tanlov talablariga javob berishi aniqlandi. Shundan «Eng yaxshi ijtimoiy rolik» nominatsiyasi bo‘yicha 3 ta ishtirokchi; «Eng yaxshi she'r ijrosi» (videomaterial shaklida) 4 ta ishtirokchi; «Eng yaxshi fotosuratlar» nominatsiyasi bo‘yicha 4 ta ishtirokchining materiallari munosib o‘rinlarga loyiq ko‘rildi. G‘oliblarga maxsus sertifikatlar va pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi. Universitetimiz Tarjima nazariyasi va amaliyoti fakulteti talabasi  To’xtayev Akmal Alisher o’g’li  “Eng yaxshi ijtimoiy rolik” nominatsiyasi bo’yicha 1-o’rinni qo’lga kiritib, maxsus sertifikat hamda 20 mln. so’m pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Taqdirlash marosimida Sh.Qudratxo‘ja, O.O‘sarov, D.Kattaxonova, shuningdek, hakamlar hay'ati a'zolari ham so‘zga chiqib, ushbu ko‘rik-tanlov yosh ijodkorlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, kasbiy mahoratini yuksaltirish, iqtidor sohiblarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etganini ta'kidladi.