
Universitetimiz olimlarining loyihasi e'tirof etildi
Joriy yilning 3-mart kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida bajarilayotgan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Unda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti olimlari tomonidan amalga oshirilayotgan "Turkiy tillarning lingvodidaktik elektron platformasini yaratish" nomli loyiha barchaning e’tiborini tortdi.
Loyiha rahbari filologiya fanlari doktori Nozliya Normurodovaning ta’kidlashicha, Lingvodidaktik elektron platforma – bu bir necha tillarni oʻqitishga moʻljallangan sayt boʻlib, mazkur platforma mamlakatimizda turk, ozarbayjon, qozoq, qirgʻiz, tatar tili – qardosh turkiy xalqlar tilini oʻrganishga moʻljallangan lingvodidaktik materiallar, audio va videoroliklar toʻplamidan iborat boʻladi.
Oʻzbekistonda taʼlim 7 tilda olib boriladi. Taʼlim oʻzga tillarda olib boriladigan guruhlarda qozoq, qirgʻiz, qoraqolpoq, tatar tillari ham oʻqitiladi. Shuningdek, taʼlim oʻzga tilda olib boriladigan muassasalarda, albatta, davlat tili – oʻzbek tili ham oʻqitiladi. Demak, koʻp millatli xalqimiz oʻz ona tilini oʻrganishi bilan birga davlat tilini ham oʻrganishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Taʼlim oʻzga tilda olib boriladigan guruhlar uchun taʼlimiy resurslarni zamonaviylashtirish ehtiyoji raqamli texnologiyalardan foydalangan holda mukammal, yangi turdagi “Turkiy tillarning lingvodidaktik elektron platformasi”ni yaratishni taqozo etmoqda.
Loyiha rivojlanib borayotgan axborot texnologiyalari davrida kommunikativ tendensiyalar asosida muhim dasturiy ta'minot sanaladi.