Universitetimiz olimasi "Yil ayoli" tanlovi gʻolibasi
Jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan, ibratli xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, amalga oshirilayotgan islohotlarni keng targ‘ib etish maqsadida 2022-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “Yil ayoli” milliy tanlovining joriy yilgi Toshkent shahar saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda 35 yoshdan katta bo‘lgan, o‘z yo‘nalishida kamida 5 yillik tajribaga ega ayollar hamda tegishli soha mutaxassislari ishtirok etdilar. Tanlov tuman, viloyat (shahar) va respublika bosqichlarida tashkil etiladi. Joriy yilda Toshkent shahri tuman bosqichlari g‘oliblari bo‘lgan jami 85 nafar ishtirokchi 11 ta nominatsiya bo‘yicha bellashdi.
“Yilning eng yaxshi IT dasturchi ayoli” nominatsiyasida universitetimiz olimasi, filologiya fanlari doktori, IT-lingvist Manzura Abjalova munosib ishtirok etib, o‘zining 2 ta til korpusi, 4 ta mobil ilovasi hamda 19 ta baza uchun olingan mualliflik guvohnomalari bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritdi hamda Respublika bosqichiga tavsiya etildi.
Universitet jamoasi nomidan Manzura Abjalovani ushbu muvaffaqiyat bilan tabriklaymiz va Respublika bosqichida omad tilaymiz!

