Yangiliklar

img
Fri, 12/26/2025 - 11:19

Universitetimiz olimasi nufuzli xalqaro adabiy tadbirlarda qatnashdi

So‘nggi yillarda “asl” tushunchasi adabiyot, madaniyat va inson tafakkurida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Haqiqat va soxtalik, insoniy ijod va texnologik simulyatsiyalar, chin his-tuyg‘ular va sun’iy modellashtirish o‘rtasidagi murakkab munosabatlar bugungi adabiy jarayonlarning markaziy muammolaridan biriga aylanib bormoqda.

Aynan shu masalalarga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro adabiy anjumanlar joriy yilning 15-noyabr kuni Shveytsariyaning Bazel shahrida o‘tkazilgan BuchBasel adabiyot festivali, shuningdek, 20–23-noyabr kunlari Avstriyaning Vaxau mintaqasidagi Krems shahrida tashkil etilgan Yevropa adabiyoti kunlari doirasida bo‘lib o‘tdi.

Mazkur xalqaro tadbirlarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Hafiza Qo‘chqorova ishtirok etdi. Anjumanlar doirasida adabiy o‘qishlar, ilmiy va ijodiy muhokamalar, uchrashuvlar hamda mahorat darslari tashkil etilib, ularda turli mamlakatlardan kelgan yozuvchilar, adabiyotshunoslar, tarjimonlar va adabiy loyiha yetakchilari qatnashdilar.

 

Muhokamalar jarayonida zamonaviy dunyoda “haqiqiylik” tushunchasining o‘zgarib borayotgan mazmuni, sun’iy intellektning ijodga ta’siri, mualliflik va insoniy his-tuyg‘ular masalalari keng yoritildi. Ushbu tadbirlar xalqaro adabiy tajriba almashish, dolzarb nazariy masalalarni muhokama qilish hamda zamonaviy adabiyotning yangi yo‘nalishlarini anglashda muhim ahamiyat kasb etdi.