Yangiliklar

img
Thu, 06/04/2026 - 22:43

Universitetimiz doktorantlari akademik harakatchanlik dasturi tanlovi g‘oliblari bo‘ldi

Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan tashkil etilgan 2026-yilgi Akademik harakatchanlik dasturining birinchi tanlovi yakuniy natijalari e’lon qilindi. Tanlov yakuniy natijalariga ko‘ra 36 nafar nomzodlarning loyihalari g‘olib deb topildi. Quvonarlisi, ushbu tanlovda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining izlanuvchan va iqtidorli tadqiqotchilaridan DSc Abdullayeva Oqila va PhD Maxammadiyeva Diyoralar ham g‘oliblar qatoridan joy oldi.

Joriy yilda dasturga qiziqish sezilarli darajada ortib, 10-martdan 30-martga qadar Akademik harakatchanlik dasturi bo‘yicha e’lon qilingan tanlovga 621 ta loyiha arizasi topshirildi. Sun’iy intellekt asosida o‘tkazilgan ekspertiza natijalariga ko‘ra, 355 ta loyiha suhbat bosqichiga tavsiya etildi. Suhbatlar to‘liq sun’iy intellekt texnologiyalari asosida boshqarilib, talabgorlar o‘zlariga qulay bo‘lgan viloyatlardagi yoshlar texnoparklariga borib ishtirok etdilar. Jarayonda har bir ishtirokchiga loyiha mazmuni, metodologiyasi, kutilayotgan natijalari va amaliy ahamiyatiga oid savollar berilib, javoblar avtomatik tahlil qilindi.

Abdullayeva Oqila universitetimizning Kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalar kafedrasi 10.00.11 – Amaliy va kompyuter lingvistikasi ixtisosligi bo‘yicha doktoranti (DSc) hisoblanadi. Yosh tadqiqotchi texnika fanlari doktori, dotsent B.Elov ilmiy rahbarligida “O‘zbek tili matnlarini sintaktik tahlil qilish modellari, algoritmi va dasturiy ta’minoti” mavzusida izlanish olib bormoqda

Maxammadiyeva Diyora universitetimizning Kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalar kafedrasi 10.00.11 – Amaliy va kompyuter lingvistikasi ixtisosligi bo‘yicha 2-bosqich tayanch doktoranti hisoblanadi. Tadqiqotchimiz filologiya fanlari doktori, dotsent Sh.Hamrayeva ilmiy rahbarligida “O‘zbek she’riyati korpusi va lingvostatistik tahlil” mavzusida izlanish olib bormoqda.

Tadqiqotchilar tanlovda tadqiqoti mavzusidagi loyihalari bilan ishtirok etdi. Loyiha olti oy davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Loyihaning yakuniy natijasi sifatida o‘zbek tilida tabiiy tilni qayta ishlash (NLP), elektron lug‘atlar, ta’lim resurslari hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish uchun muhim bo‘lgan o‘zbek tilida zaruriy dasturlar yaratiladi.

Universitet jamoasi Oqila Abdullayeva va Diyora Maxammadiyevalarni ushbu yutug‘i bilan samimiy tabriklaydi va ilmiy faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi.