Yangiliklar

img
Tue, 12/09/2025 - 09:36

Universitetimiz doktoranti nufuzli xalqaro anjumanda ishtirok etdi

2025-yil 4–5 dekabr kunlari Vengriyaning Pech shahrida joylashgan Pech Universitetida Ijtimoiy-gumanitar fanlar fakulteti, Venger tilshunosligi va adabiyotshunosligi instituti, Venger adabiyoti tarixi jamiyati hamda Vengriya Fanlar Akademiyasi hamkorligida “Qiyosiy adabiyotshunoslik va interdisiplinarlik” (“Comparative Literary Studies and Interdisciplinarity”) mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya boʻlib oʻtdi. Tadbirda dunyoning turli oliy ta’lim va ilmiy markazlaridan yetakchi olimlar, tadqiqotchilar hamda yosh izlanuvchilar ishtirok etib, adabiyotshunoslikdag​i zamonaviy metodologik izlanishlar, interdisiplinar yondashuvlar hamda global ilmiy jarayonlar bilan bog‘liq dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Qiyosiy adabiyotshunoslikning turli ilmiy maktab va konsepsiyalarni birlashtiruvchi tabiati konferensiya muhokamalarining asosiy yo‘nalishini tashkil etdi.

Konferensiya doirasida qiyosiy adabiyotshunoslikning tarjimashunoslik, mediya tadqiqotlari, madaniy izlanishlar, raqamli gumanitar fanlar, empirik va sotsiologik adabiyotshunoslik, kognitiv yondashuvlar bilan tutash jihatlari alohida muhokama qilindi. Tadbirda universitetimiz doktoranti Dilnavoz Najimova ishtirok etib, “Rasmli kitoblarning tarixiy va madaniy vazifalari: Turkiya va O‘zbekiston tajribasi misolida” (“The Historical and Cultural Roles of Picture Books: A Comparative Analysis of Türkiye and Uzbekistan”) mavzusida ma’ruza taqdim etdi. Unda ikki mamlakat bolalar adabiyotida rasmli kitoblarning shakllanish jarayoni, ularning madaniy ildizlari, estetik va tarbiyaviy vazifalari qiyosiy tahlil qilindi. Shuningdek, zamonaviy nashriyot amaliyoti, vizual pedagogika va kichik yoshdagi o‘quvchilar o‘qish madaniyati bo‘yicha kuzatishlar ilmiy asosda yoritildi.

 

Pech shahrida o‘tgan ushbu xalqaro ilmiy anjuman qiyosiy adabiyotshunoslik sohasida ilmiy hamkorlik va muloqot imkoniyatlarini kengaytirib, turli adabiy an’analarga mansub tadqiqotchilar o‘rtasida samarali tajriba almashuviga zamin yaratdi.

 

Qo‘shimcha ma’lumot sifatida shuni ta’kidlash joizki, universitetimiz Vengriyaning Etvosh Lorand Universiteti bilan Erasmus+ dasturi doirasida qo‘shma hamkorlik loyihalarini amalga oshirmoqda. Ushbu hamkorlik akademik almashinuv, xalqaro muloqot va qo‘shma ilmiy tashabbuslarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.