Yangiliklar

img
Fri, 11/14/2025 - 15:35

Universitetimiz doktoranti “Evrika” tanlovida gʻolib boʻldi

12-noyabr kuni “Renessans” kino uyida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Ilm-fan targ‘ibot markazi, O‘zbekiston ekologik partiyasi hamda “Science and Innovation” kompaniyasi hamkorligida “Evrika” tanlovining tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda oliy ta’lim muassasalari vakillari, ilmiy xodimlar, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi. Marosimni O‘zbekiston Qahramoni, Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Shavkat Ayupov ochib berdi.

Tanlovning mazmuni yosh olimlar va tadqiqotchilarning innovatsion g‘oyalari, ilmiy izlanishlari hamda ilm-fan rivojiga qo‘shayotgan hissasini rag‘batlantirishga qaratilgan bo‘lib, unda ishtirokchilar o‘z loyihalarini taqdim etishdi. Yakuniy bosqichda 5 ta nominatsiya bo‘yicha 20 nafar g‘olib aniqlanib, ularga pul mukofotlari, maxsus statuetkalar va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 1-bosqich tayanch doktoranti hamda Oʻzbek tili va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi stajyor-o‘qituvchisi Israilova Zuhra ushbu nufuzli tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etib, 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

  

Israilova Zuhra tanlovga “Xorijliklar uchun o‘zbek tilining lingvomadaniy so‘zlar lug‘ati” nomli ilmiy-amaliy loyihasi bilan qatnashdi. Loyiha xorijiy auditoriyaga o‘zbek tilining madaniy qatlamini chuqur yoritish, lingvomadaniy birliklar orqali til o‘rgatish metodikasini takomillashtirishga qaratilgani bilan e’tiborga molikdir. Ushbu lug‘at nafaqat o‘zbek tilini o‘rganuvchi xorijliklar uchun qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi, balki o‘zbek madaniyati va milliy qadriyatlarining xalqaro miqyosda ommalashuviga ham hissa qo‘shadi.