Universitetimiz doktoranti akademik harakatchanlik tanlovida g‘olib bo‘ldi
Har yili yosh olimlar intiqlik bilan kutadigan jarayonlardan biri bo‘lgan “Akademik harakatchanlik” dasturi tanlovi joriy yilda ham katta qiziqish bilan o‘tkazildi. Tanlov 15 iyuldan 2 oktyabrgacha davom etdi. Unda mamlakatning turli hududlaridan 194 nafar iqtidorli tadqiqotchi o‘z ilmiy g‘oyalarini taqdim etdi. Ularning ichidan ilg‘or va amaliy qiymatga ega bo‘lgan 92 ta loyiha saralab olinib, g‘oliblar ro‘yxatiga kiritildi.
Saralangan nomzodlar orasida universitetimizning izlanuvchan va ilmiy yangilikka chanqoq tadqiqotchisi Madina Samatboyeva ha bor. Madina Samatboyeva Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Ijtimoiy gumanitar fanlar va axborot texnologiyalari kafedrasi 10.00.11 yo‘nalishi bo‘yicha Til nazariyasi, amaliy va kompyuter lingvistikasi mutaxassisligi bo‘yicha 1 bosqich tayanch doktoranti. Uning ilmiy rahbari t.f.n. Botir Elov.
Madina tanlovga UzNER nomi berilgan O‘zbek tilidagi matnlarda atoqli otlarni avtomatik aniqlash dasturi loyihasi bilan qatnashdi. Loyiha olti oy davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Loyihaning yakuniy natijasi sifatida o‘zbek tilidagi matnlarda atoqli otlarni avtomatik tarzda aniqlash va tasniflash imkonini beruvchi yangi dasturiy vosita yaratiladi. Ushbu vosita o‘zbek tili uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan matnlarni qayta ishlash jarayonini yengillashtiradi. Lingvistik korpuslarning boyishiga, mashina tarjimasi va axborot izlash tizimlari kabi sohalarda samaradorlikning oshishiga xizmat qiladi. Kompyuter lingvistikasining rivojlanishiga turtki beruvchi amaliy yangilik sifatida e’tirof etilishi mumkin.

Bugun matnlar hajmi ortib borayotgan davrda ularni tez va aniq qayta ishlash zarurati kuchayib bormoqda. UzNER shu ehtiyojga javob beradigan, o‘zbek tilining raqamli maydondagi imkoniyatlarini kengaytiradigan innovatsion yechim sifatida alohida ahamiyatga ega.

Universitet jamoasi Madina Samatboyevaning ushbu yutug‘ini olqishlaydi. Uning izlanishlari kelajakda o‘zbek tili texnologiyalarining rivojlanishiga munosib hissa qo‘shishiga ishonamiz.

