
Universitetimiz bakalavriat talabalari bitiruv malakaviy ishlarini himoya qildi
Ma’lumki, dunyoda olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish va samaradorligini kuchaytirish, o‘zbek tili va adabiyoti targ‘iboti orqali o‘zbek madaniyatini jahondagi yuksak maqomini tiklash bugungi kunda bizning ustuvor vazifamizdir. Bugun, 2022-yilning 18-iyun kuni 4 yil mobaynida mashaqqatli mehnat bilan tayyorlangan kadrlar – Oʼzga tilli guruhlarda oʼzbek tili taʼlim yoʼnalishining birinchi bitiruvchilari – birinchi qaldirgʼochlarimiz oʼz bitiruv malakaviy ishlarini himoya qilishdi.
BMI mavzulari bugungi kunda oʼzga tilli guruhlarda oʼzbek tili taʼlimi va xorijliklarga oʼzbek tilini oʼrgatishning eng dolzarb masalalarini yoritishga bagʼishlangan boʼlib, bitiruvchilar BMIni mustaqil ravishda bajarishdi. Natijalarini oʼzlari pedagogik amaliyot oʼtayotgan obyektlarda amaliyotga tatbiq etgan holda himoya qilishdi.
Bugundan boshlab mazkur sohaning haqiqiy kadrlari yetishib chiqdi, zero, oldinlari oʼzga tilli guruhlarda oʼzbek tili va adabiyoti yoki oʼzbek filologiyasi taʼlim yoʼnalishini tugatgan bitiruvchilari oʼzbek tili fanidan dars berar edi. Shubhasiz, ushbu yosh kadrlarga talab va ehtiyoj katta, chunki Respublikamizda 7ta tilda taʼlim olib borilishidan tashqari ingliz tilli maktablar ham koʼpayib bormoqda.
Bundan tashqari, bitiruvchilarimiz xorijiy mamlakatlarda tashkil qilingan oʼzbek tilini oʼrgatuvchi kurslar, oʼzbek tili va madaniyati markazlari, xalqaro tashkilotlar va ularning respublikamizdagi vakolatxonalari, OʼzR FA Oʼzbek tili, adabiyoti va folklori instituti va boshqa tarmoqli ilmiy-tadqiqot institutlari, ommaviy axborot vositalari, davlat boshqaruvi organlari, boshqa davlat va nodavlat muassasalarida ham ishlashlari mumkin. Sababi, bitiruvchi yosh mutaxassislar 4ta tilni mukammal egallagan, tarjimonlik malakalariga ham ega boʼlgan kadrlar hisoblanishadi.
Umid qilamizki, bitiruvchilarimiz universitetimiz rahbariyati, professor-o’qituvchilarining ishonchini oqlashadi va soha rivojiga katta hissa qoʼshishadi. Universitetimiz jamoasi nomidan barcha bitiruvchilarning kelgusi ish-faoliyatlarida ulkan zafarlar tilaymiz.