Yangiliklar

img
Tue, 06/27/2023 - 06:34

Universitetimiz Axborot xizmati faoliyati e'tirof etildi

1906-yil 27-iyun kuni ilk o‘zbek gazetasi "Taraqqiy"ga asos solingan. Shu munosabat bilan har yili 27-iyun yurtimizda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida nishonlanadi. Mazkur sana oldidan 26-iyun kuni Toshkent davlat yuridik universitetida Oliy ta'lim,  fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Adliya vazirligi tomonidan Respublika oliy ta'lim muassasalari Matbuot kotiblarinining o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. Seminar “OTM matbuot xizmati – 2023. Oliy ta’lim muassasalari matbuot xizmatlarini rivojlantirish: muammo va huquqiy yechimlar” mavzusida tashkil etildi. O‘quv seminarida O'zbekiston Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov,  Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja,  Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Islombek Rustambekov va boshqa ko‘plab soha mutaxassislari,  huquqshunoslar ishtirok etdi.


Seminarda axborot olish va tarqatishning huquqiy asoslaridan tortib, tashkilot faoliyati haqida qanday gapirish/yozish kerakligi, zamonaviy kontent yaratish usul va vositalari haqida qiziqarli mashg'ulotlar olib borildi.


Seminar so'ngida barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. Quvonarlisi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti media makondagi har qanday holatga tezkor va xolis munosabat bildirish,  shuningdek, vazirlik Axborot xizmati bilan hamkorlikda sohadagi islohotlarning OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tezkorlik bilan yoritilishini ta'minlash borasidagi amaliy ishlari  hamda Axborot xizmati faoliyatini namunali yo‘lga qo'ygani uchun tashakkurnoma va qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandi.